Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har qanday vaziyatda ham raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish — dolzarb masala
11:10 / 2020-07-29

Hukumatning joriy yil olti oylik hisobotida bu borada qilingan ishlar eʼtiborga molikdir.


Garchi pandemiya global inqiroz va muammolar keltirib chiqarayotgan boʻlsa-da, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun yaxshigina imkoniyat yaratmoqda. Bugun uydan turib onlayn dars va mashgʻulotlarda, muloqotlarda qatnashishimiz, istagan narsamizga buyurtma berishimiz mumkin. Albatta, buning uchun zarur shart-sharoit ham boʻlishi yaʼni internet tarmogʻi yaxshi ishlashi kerak.

Hukumatning joriy yil olti oylik hisobotida bu borada qilingan ishlar eʼtiborga molikdir. Xususan, mamlakat miqyosida:

- 6 500 kilometr optik tolali aloqa liniyalari qurilib, ularning umumiy uzunligi 43,1 ming kilometrga yetkazilgan;

- operatorlar va provayderlar tomonidan 281 ming portga teng qurilmalar montaj qilingan;

- keng polosali portlarning umumiy soni 2,1 millionga yetgan;

- maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlash markazini kengaytirish maqsadida 40 ta server qurilmasi va 5 ta maʼlumotlarni saqlash qurilmalari oʻrnatilib, ishga tushirildi;

- mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida 1 148 ta mobil aloqa baza stansiyalari oʻrnatilgan;

- pandemiya sharoitida tashkil qilingan bepul “1003” qisqa raqamiga 475 mingdan ziyod qoʻngʻiroqlar qilingan;

- karantin tartibi joriy etilgan vaqtdan boshlab barcha operatorlar umumtaʼlim maktablari va maktabgacha taʼlim muassasalari oʻquvchilariga uydan fanlarni oʻzlashtirish uchun taʼlim manbalarining veb-saytlarga, asosiy yangiliklar va rasmiy maʼlumotlar veb-saytlariga kirishi taʼminlab berilgan;

Shuningdek, “UzMobile” va “Ucell” mobil aloqa operatorlari tomonidan Toshkent shahri hududida 5G tarmogʻi test rejimida ishga tushirilgan.

Davlat xizmatlarini elektron shaklda koʻrsatish boʻyicha Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida 200 turdagi xizmatlar onlayn shaklda koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyilgan tadbirkorlar va xalqimizga qulayliklar kengayib borayotganidan dalolatdir.

Shu bilan birga, joriy yilda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha keng qamrovli vazifalar belgilangan.

Axborot texnologiyalari sohasi keng qamrovli. Bugungi kunda olib borilayotgan tizimli ishlarga qaramasdan viloyatlarda, tumanlarda internet tezligi bugun poytaxtdagidek emas. Respublikamizning baʼzi hududlarida aloqaning sifati yaxshi emasligidan koʻz yummasligimiz kerak. Bu mavjud infratuzilmani yaxshilash boʻyicha hali juda katta vazifalarni hal qilish kerakligini koʻrsatmoqda.

Mazkur masalalar OʼzLiDeP saylovoldi dasturida ham eʼtiborga olingan va aniq takliflar ilgari surilgan. Xususan, mamlakatdagi barcha aholi punktlari va taʼlim muassasalariga zamonaviy optik tolali internet aloqa tizimini olib kirish va internet xizmatlari narxini pasaytirish, tashqi internet kanallari orqali internet trafiklari sotib olish va mamlakatga tarqatish boʻyicha monopollashuvga yoʻl qoʻymaslik asosiy maqsadimizdir. Davlatimiz rahbarining “Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 28-apreldagi qarori ham aynan shu vazifalar ijrosini taʼminlashga qaratilgan.

Aktam XAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi Spikeri oʻrinbosari,
OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari