English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har qanday noxush holat oiladagi tarbiya va muhitga bog‘liq
11:16 / 2022-11-03

Mamlakatimizda ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bir paytlar yopiq bo‘lgan sud idoralarining eshigi ochildi. E’tiborlisi, sud sohasidagi islohotlar natijasida inson huquq va manfaatlari ishonchli himoya qilinmoqda.

Xo‘sh, tizimda bugungi kunda qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Farg‘ona viloyat sudining raisi Shuhratjon Kamolov bilan ana shular xususida suhbatlashdik.  

–Prezidentimizning 2020 yil 3 sentyabrdagi “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorini qabul qilinishi insonparvarlik siyosati hamda “inson qadri uchun” tamoyilining yaqqol namunasidir,  – deydi Sh. Kamolov. – Bu fuqarolar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish, sudlar va boshqa idoralar o‘rtasida ma’lumot almashinuvini yaxshilash maqsadida 10 dan ortiq interaktiv elektron xizmat turlari joriy qilindi, murojaatlarni onlayn kuzatib borish, sud binosida interaktiv xizmatlardan erkin foydalanish, vazirlik, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan elektron ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yildi. Maxsus axborot dasturlarini joriy etish orqali sudyalar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, sud majlislarida masofadan turib ishtirok etish imkoniyati kengaytirildi, fuqarolar uchun sud qarorlarini onlayn tarzda olish imkoniyati yaratildi, taraf va sud ishtirokchilarini sud majlisi vaqti va joyi haqida “SMS” xabar orqali bepul asosda xabardor qilish yo‘lga qo‘yildi.  

Sudlarga da’vo ariza, ariza va shikoyatlarni faqat elektron shaklda taqdim etish va ularni ko‘rib chiqish jarayonini onlayn tarzda kuzatib borish, sud majlisi ishtirokchilari tomonidan ma’lumot va hujjatlarni elektron shaklda yuborish, sud majlislarida videokonferensaloqa rejimidan foydalangan xolda ishtirok etish imkonini beruvchi mobil dasturlar amaliyotga joriy etildi. Ichki ishlar vazirligi bilan jazoni ijro etish muassasalaridagi maxsus xonalar mahbuslarning videokonferensaloqa rejimida ishtirok etish imkonini beruvchi uskunalar bilan jihozlanishi ham inson omili uchun alohida o‘ringa egadir. Albatta, sud-huquq islohotlarining natijadorligini Farg‘ona viloyati sudlari faoliyatida ham ko‘rish mumkin.  

Joriy yil 9 oyida 526 ta jinoyat ishi, 164 ta fuqarolik ishi, 247 ta iqtisodiy ishlar videokonferensaloqa tizimi orqali ko‘rilgan bo‘lsa, 12445 ta ma’muriy huquqbuzarlik ishlari mobil xizmat orqali masofadan turib ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, keyingi yillarda sudlarga murojaat qilish sonining keskin oshganligini, avvalo, odamlarda sudga bo‘lgan ishonchning ortib borayotganligi bilan bog‘liq, deyish mumkin. Misol uchun, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 2019 yilda 18 ming 120 ta, 2020 yilda 19 ming 595 ta, 2021 yilda 38 ming 543 ta, 2022 yilning 9 oyida esa 39 ming 957 ta ish ko‘rilib, 76,7 foiz da’vo arizalar qanoatlantirilganligi holati fikrimizni tasdiqlaydi. Ayniqsa, dastlabki tergovda qilmishi noto‘g‘ri malakalangan yoki muqaddam nohaq ayblangan shaxslarning oqlanayotgani misolida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Shu ma’noda aytganda, 2022 yilning to‘qqiz oyida viloyatimizda birinchi bosqich sudi tomonidan 5 nafar shaxsga nisbatan oqlov hukmi chiqarilgan bo‘lsa, 21 nafar shaxs apellyatsiya instansiya sudida oqlangan.  

Modomiki gap inson taqdiri haqida borar ekan, bunda sudya masalaning hamma jihatiga e’tibor qaratib, taraflarni atroflicha eshitib, har bir holat va dalilni sinchiklab o‘rganib, so‘ng barchasini adolat tarozisiga qo‘ygan holda qaror qabul qilishini, buning natijasida hamyurtlarimizning sudlarga, adolat borligiga nisbatan ishonchi mustahkamlanayotganini alohida e’tirof etish lozim.  

– Inson bolasi jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydi, uning jinoyatga qo‘l urishiga nima sabab deb o‘ylaysiz?  

–Albatta, inson zoti xatodan xoli emas. Ayniqsa, yoshlar orasida bilib-bilmay, ko‘pincha nojo‘ya xatti-harakatlarining oqibatini o‘ylamay jinoyat sodir etish hollari uchrab turishi sir emas. Bunday holatda sodir etilgan qilmishning holati va darajasiga qarab, shaxsga nisbatan kafolat xatlari asosida yengillik berilishi qonunchiligimizga xos xususiyatlardan biri. Inson nega jinoyatga qo‘l uradi? Buning omillari ko‘p. Ammo birinchi navbatda har qanday noxush holat shaxsning oilasidagi tarbiyaga, u kamolga yetgan muhitga bog‘liq deb o‘ylayman. Shuning uchun bir bola tarbiyasiga yetti mahalla ota-onadir, deb bejiz aytilmagan. Har bir inson tevarak-atrofidagi yoshlar tarbiyasi uchun o‘zini mas’ul deb, navqiron avlod orasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish vazifasiga ma’naviy majburiyat deb qaragan taqdirdagina, yuqorida tilga olingan jinoyat turlari, umuman olganda, ko‘ngilsiz holatlar kamayib boradi.  

– Farg‘ona viloyatidagi jinoyat sudlarida qaysi turdagi jinoyatlar oshgan?  

– Joriy yilning 9 oyi mobaynida viloyatimizda valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish, pora berish, transport vositasini olib qochish jinoyatlari kamaygan. Ammo firibgarlik, o‘g‘irlik, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, qasddan badanga yengil shikast yetkazish, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, bezorilik, qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish, bosqinchilik, fohishaxona saqlash jinoyatlari oshib ketgan. Ortgan jinoyat turlarini hududlar kesimida tahlil qilganda Farg‘ona, Qo‘qon, Marg‘ilon shaharlarida, Rishton, Yozyovon va Farg‘ona tumanlarida firibgarlik, o‘g‘irlik, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, qasddan badanga yengil shikast yetkazish, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, bezorilik, qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish, haqorat qilish, bosqinchilik jinoyatlari oshgan. Bu esa joylarda hokimiyat, prokuratura, ichki ishlar bo‘limi singari daxldor tashkilotlar bilan hamkorlikda huquqiy targ‘ibot va tashviqot ishlarini yanada jonlantirishimiz, shu orqali hamyurtlarimizga har bir jinoyatning huquqiy oqibatlarini, yangi qabul qilinayotgan qonunlar mazmun-mohiyatini xalqchil tarzda tushuntirib borishimiz zarurligini ko‘rsatmoqda.  

Bosh Qomusimizning 44-moddasida “Har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi”, deb belgilangan. Shundan kelib chiqilsa, keyingi yillarda sudlarga murojaat qilish sonining keskin oshganligini, avvalo, odamlarda sudga bo‘lgan ishonchning ortib borayotganligi bilan bog‘liq, deyish mumkin. Ilgari sudda har bir ish bo‘yicha yakuniy to‘xtamga kelish 1 yoki 2 yilni talab qilgan bo‘lsa, ayni paytda ko‘pi bilan 5 yoki 6 oy vaqt sarflanmoqda. Bu ham bo‘lsa sud qarorlarining barqarorligini ta’minlash hamda fuqarolar va tadbirkorlar sarson bo‘lishining oldini olishga xizmat qilmoqda.  

Bir so‘z bilan aytganda, bugun hamkasblarimizga davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Sud ostonasiga qadam qo‘ygan har bir inson, O‘zbekistonda adolat hukm surayotganiga to‘la ishonch hosil qilishi kerak”, degan so‘zlari dasturilamal bo‘lmoqda.  

O‘zA muxbiri Ma’sudjon Sulaymonov suhbatlashdi