Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har qanday muammoni tinchlik yo‘li bilan hal etish tarafdorimiz
15:07 / 2023-11-11

Munosabat

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqida jahon miqyosida ishonch inqirozi kuzatilayotgani, global xavfsizlik institutlari faoliyatidagi muammolar va xalqaro huquq me’yorlaridan chekinish kuchayayotgani va bularning barchasi keng ko‘lamdagi keskinlik ortishiga sabab bo‘layotgani haqida gapirgan edi.

Bu fikrlar bugun dunyo hamjamiyatini, hammamizni jiddiy o‘ylantirishi kerak. Negaki, dunyo tobora tahlikaga to‘lib bormoqda. Geosiyosiy qarama-qarshiliklar fojiali tus olmoqda. Shunday murakkab davrda zamonamizning siyosiy yetakchilari konstruktivligi, nuktadonligi tashqi siyosatda o‘zaro tushunish va birdamlikka intilishi g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi.

Dunyoda o‘zaro ziddiyatlar kuchayib borayotgani haqida gap boshlaganimiz bejiz emas. Shu kunlarda Falastin va Isroil o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar avj olayotgani hammamizni tashvishga solib turibdi, tinchlikparvar dunyo hamjamiyatini larzaga keltirmoqda. 

Urushni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Chunki unda begunoh bolalar, tinch aholi, bolalar, ayollar – onalar halok bo‘lishi ayon haqiqat. Isroil armiyasi va XAMAS harakati o‘rtasida davom etayotgan qurolli to‘qnashuvlar oqibatida ham ayollar va bolalar qurbon bo‘lmoqda, odamlar boshpanasidan ayrilmoqda, o‘z uylarini tashlab ketmoqda. 

Bunday vaziyatda qanday yo‘l tutmoq kerak?

Bu savolga Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yaqin Sharq mintaqasida keskinlashayotgan voqealarga nisbatan bildirgan munosabatidan, shuningdek, yaqinda Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishidagi nutqidagi chaqirig‘idan javob topishimiz mumkin.

Davlatimiz rahbari Falastin va Isroil muammosiga to‘xtalar ekan, har ikki tomonni zudlik bilan gumanitar maqsadlarda murosaga kelishga, jangovar harakatlarni to‘xtatib, nizoni tinch yo‘l bilan hal etishga chaqirdi. Ko‘p o‘tmay bu chaqiriq TDT yig‘ilishida ham yangradi. Muammoning yagona va eng adolatli yechimi — nizoni “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida hal etish ekani aytildi.

Zo‘ravonlik yanada avj olaversa, bu xalqaro vaziyatning keng miqyosda izdan chiqishiga, qurolli to‘qnashuvlarga yangi kuchlar tortilishiga, bu esa Yaqin Sharq mintaqasi bilan cheklanmay, uzoq o‘lkalarga ham tarqalib ketadigan, oqibatini bashorat qilib bo‘lmaydigan fojialarga olib kelishi mumkinligi haqida aytildi.

Urush – o‘z nomi bilan urush. Fojia oson va tez sodir bo‘ladi. Ammo uning oqibatlarini yumshatish yoki butkul oldini olish hayot-mamot masalasiga aylanib ketishi ko‘pchilikka yaxshi ma’lum. Urush girdob kabi hamdir. U o‘z domiga yaqin-yiroq hududlarni tortib ketishi ham hech gap emas. Shunday ekan, Falastin va Isroil tomonlari jangovar harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishi, tezda murosa yo‘liga o‘tishi butun dunyo uchun manfaatli va foydali bo‘ladi, albatta.

Davlatimiz rahbari Falastin va Isroil tomonidan qurbon bo‘lgan barcha insonlarning oilalariga chin dildan ta’ziya va hamdardlik izhor etar ekan, G‘azo sektori aholisiga baholi qudrat yordam ko‘rsatish uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharq agentligiga 1 million 500 ming dollar ajratishga qaror qabul qilganini bildirdi. Bu ko‘p millatli va bag‘rikeng O‘zbekiston xalqi ko‘nglini yoritdi. Aslini olganda, biz yashayotgan mintaqa xalqlari dunyoga doim tinchlikni sog‘inuvchi o‘lka sifatida tanilib kelgan. Xalqimizning bag‘rikengligi va mehmondo‘stligi barchaga yaxshi ma’lum. Bunga tarixda misollar ko‘p. O‘zbek xalqi og‘ir sharoitlarda yurtimizga ko‘chirilgan turli millat vakillariga hech ikkilanmasdan quchog‘ini ochgan, topgan nonini o‘rtada baham ko‘rgan. 

Yaxshilik hech qachon izsiz ketmaydi. Shu bois, bugungi O‘zbekiston xalqi o‘zaro tinch-totuv hayot kechirib, yagona Vatan ravnaqi yo‘lida birgalikda kurashib kelmoqda. Shularni nazarda tutgan holda aytish joizki, biz turli millat va konfessiyalar vakillarining o‘zaro tinch-totuv hayot kechirishi bo‘yicha noyob tajribalarni ilgari surgimiz keladi. O‘z navbatida, dunyo hamjamiyatini ham bu masalaga bee’tibor bo‘lmaslikka, har qanday muammoni faqat va faqat tinchlik yo‘li bilan hal etishga chaqiramiz.

Bu jihatlar yangi O‘zbekiston tashqi siyosatida ham faol pozitsiya kasb etmoqda. Buni butun dunyoda katta tashvish va xavotir uyg‘otayotgan masalalarga va ularning tinchlik yo‘li bilan hal etilishiga doir munosabatlarimizda ham ko‘rishimiz mumkin

Davlatimiz rahbari Falastin xalqi bilan birdam ekanimizni qat’iy bildirar ekan, uning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik Kengashining ilgari qabul qilingan rezolyutsiyalariga muvofiq o‘z mustaqil davlatini barpo etishga bo‘lgan huquqini qo‘llab-quvvatlashimizni ham ma’lum qildi.

Har kim bu dunyoda o‘z daxlsiz makoni va mustaqil Vataniga ega bo‘lishga haqli. Fikrimizni tarixiy haqiqatlar ham tasdiqlaydi. 

Tahlikali dunyoda bugun har birimiz hushyor va ogoh bo‘lib turishimiz kerak. Chunki axborot texnologiyalari zamonida ko‘zga ko‘rinmas kuchlar ta’sirida nomaqbul yo‘lga kirib qolish, turli yolg‘on da’vatlarga ishonib, fojiali harakatlar, buzg‘unchi tashviqotlarga berilish oqibatlari barchamiz uchun ayanchli bo‘lishi mumkin.

Prezidentimiz shularni nazarda tutgan holda, “Men bugungi fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizga, avvalo, yoshlarimizga murojaat qilib, ularni turli yolg‘on tashviqotlarga berilmaslikka, qonunga zid xatti-harakatlar sodir etmaslikka chaqiraman. Bizning eng katta kuchimiz, bebaho boyligimiz bo‘lgan tinch va osoyishta hayotimizni, o‘zaro birlik va hamjihatligimizni barchamiz birgalikda asrashimiz zarur”, dedi.

Darhaqiqat, bugun dunyodagi xalqaro vaziyat juda murakkab tus olmoqda. Qurolli to‘qnashuvlar, geosiyosiy kelishmovchiliklar, hududiy tahdidlar kuchayib bormoqda. Boz ustiga g‘oyaviy kurashlar, axborot xuruji avj olmoqda. Yoshlar ongini egallashga bo‘lgan urinishlar kuzatilmoqda. Bu vaziyat esa, har birimizdan, ayniqsa yoshlarimizdan kuchli ma’naviy immunitet, bilimdonlik, ogohlik va jo‘shqin vatanparvarlik hissi mustahkamligini talab qiladi. 

Niyatimiz va maqsadimiz esa bitta: dunyoda faqat tinchlik bo‘lsin! O‘zaro hamjihatlik va birdamlik ruhi kuchayib boraversin!

Mahmudjon BOLTABOEV,

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va

sport universiteti rektori,

iqtisod fanlari doktori, professor

O‘zA.