Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har oy “Birga hayotni saqlaymiz” milliy donorlik aksiyasi o‘tkaziladi
11:34 / 2026-01-23

Shu yilning 20 yanvarida qabul qilingan “2026-2030 yillarda qon bilan ishlash xizmatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga ko‘ra, qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarida yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi.

Ya’ni, 2026 yil 1 oktyabrdan qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarida qon mahsulotlari xavfsizligi va sifatini ta’minlash bo‘yicha barcha texnik va tibbiy jarayonlarni tartibga soluvchi standart operatsion jarayonlar hamda xavfsizlik bayonnomalari joriy qilinadi.

“Ehtiyoj – qayta ishlash – yetkazish” zanjiri doirasida biznes jarayonlarini boshqarish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.  

2027 yil 1 martdan “Qon mahsulotlari elektron hisobini yuritish” axborot tizimi joriy etiladi.

2026 yil 1 oktyabrdan qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarida qon mahsulotlarini majburiy tartibda 2 bosqichli skrining tekshiruvidan o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan beg‘araz qon donorligi harakatini rivojlantirish maqsadida har oyda “Birga hayotni saqlaymiz” milliy donorlik aksiyasi o‘tkaziladi. Mazkur aksiya doirasida har oyning 1 haftasi mobaynida – qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarida, har oyning 3 haftasi mobaynida – ta’lim, davolash va boshqa tashkilotlarda qon donorligi tashkil etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimiga kiruvchi vazirlik, idora hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar harbiy xizmatchilari va xodimlari o‘rtasida har yili 1 marotaba donorlik kunlari o‘tkaziladi.

Mehnat jamoalarida donorlik kunlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi.

Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasbiy hamda oliy ta’lim tashkilotlarida donorlik bo‘yicha ma’naviy-ma’rifiy tadbir va uchrashuvlar tashkil etiladi.

Shuningdek, tug‘ruqda tibbiy yordam ko‘rsatuvchi har bir muassasada qon va uning tarkibiy qismlari shoshilinch zaxirasi tashkil etilishi hamda uni qon va uning tarkibiy qismlari, jumladan, plazma va eritrotsitar massa zaxirasi bilan ta’minlanishi belgilandi.

M,Qosimova,

O‘zA