Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har kunimiz unutilmas lahzalarga boy bo‘lmoqda
12:55 / 2016-05-28

Farg‘ona shahrida davom etayotgan “Universiada – 2016” sport o‘yinlari haqiqiy sport, yoshlik va do‘stlik bayramiga aylandi. O‘zA muxbirlari musobaqa ishtirokchilari bilan suhbatlashdi.

Farg‘ona shahrida davom etayotgan “Universiada – 2016” sport o‘yinlari haqiqiy sport, yoshlik va do‘stlik bayramiga aylandi. O‘zA muxbirlari musobaqa ishtirokchilari bilan suhbatlashdi.

Nigina Sharipova, yengil atletika bo‘yicha oltin medal sohibasi (Buxoro):

– Yaqinda xalqaro musobaqada muvaffaqiyatli qatnashib, XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasi uchun belgilangan me’yorni bajarganimdan bir quvongan bo‘lsam, “Universiada – 2016” sport o‘yinlarining yengil atletika bahslarida 100 metrga yugurishda oltin medalni qo‘lga kiritganimdan sevinchim ikki karra oshdi.

Biz, yoshlarning sportda yuksak marralarni zabt etishimizda Prezidentimiz rahnamoligida tashkil etilgan uch bosqichli uzluksiz sport musobaqalari tizimining ahamiyati beqiyos bo‘lmoqda. Ushbu musobaqalarda tajriba va mahoratini oshirgan sportchilar xalqaro arenalardagi bellashuvlarda ham ulkan g‘alabalarni qo‘lga kiritishga qodir bo‘ladi.

Oydin Sultonova, Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi:

– Musobaqaning har bir kuni unutilmas lahzalarga boy bo‘lmoqda. Prezidentimizning “Universiada – 2016” sport o‘yinlari ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigi va bizga bildirgan yuksak ishonchi barchamizni ruhlantirdi. Musobaqaning suzish bahslarida kumush medalni qo‘lga kiritdim.

Mamlakatimizda biz, yoshlarning, ayniqsa, qizlarning sport bilan shug‘ullanishi, salomatligini mustahkamlashi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar uchun Prezidentimizdan minnatdormiz.

Muhsinbek Olimov, yengil atletika bo‘yicha musobaqa bosh hakami (Toshkent):

– Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan uch bosqichli uzluksiz sport musobaqalari tizimi dunyoning hech bir mamlakatida uchramaydi. Har bir hududda zamonaviy sport infratuzilmasi shakllantirilmoqda, yoshlarning jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Buning tasdig‘ini “Universiada – 2016” sport o‘yinlari misolida ham yaqqol ko‘rib turibmiz. Yengil atletika bahslari o‘tkazilayotgan “Istiqlol” markaziy stadionida barcha imkoniyat yaratilgan. Bunday imkoniyatlar yoshlarimiz kamolotiga, ularning hayotda o‘z o‘rnini topishi, Vatan sha’nini himoya qilishga qodir inson bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qiladi.

Ziyoda Boborazzoqova, Jizzax davlat pedagogika instituti talabasi:

– Sport biz, yoshlarning nafaqat jismonan chiniqishimiz, sog‘lom va barkamol unib-o‘sishimiz, balki O‘zbekistondek obod va ozod yurt farzandi ekanimizdan faxr-iftixor tuyg‘ulari bilan yashashimizga, Vatanimiz ravnaqiga munosib ulush qo‘shishimizga ham xizmat qilmoqda. Prezidentimiz rahnamoligida bunyod etilayotgan ta’lim maskanlari, sport inshootlari hech kimdan kam bo‘lmagan avlod sifatida kamol topishimizda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Sportning taekvondo turi bilan bolaligimdan shug‘ullanib kelaman. Ikki marta O‘zbekiston chempioni, xalqaro turnirlar sovrindoriman. “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” musobaqalarida ham ishtirok etganman. “Kichik olimpiada” nomini olgan Universiada musobaqalarida ishtirok etayotganimning o‘zi men uchun katta baxt.

Sarvinoz Qurbonboyeva, Guliston davlat universiteti talabasi:

– Sirdaryolik yoshlar ham “Universiada – 2016” musobaqalariga katta tayyorgarlik ko‘rdi.

Bugun yoshlar orasida barcha sport turlari ommalashib bormoqda. Yurtimiz yoshlari shaxmat bo‘yicha jahon maydonida bemalol bellashayotgani hamda yuksak marralarga erishayotgani quvonarlidir. Shaxmatga bolaligimdan qiziqaman. O‘tgan yillar davomida o‘z yoshim toifasida 16 karra O‘zbekiston chempioni, 2 karra jahon chempioni degan yuksak sharafga sazovor bo‘ldim.

Farg‘onada o‘tayotgan Universiada chinakam yoshlik, do‘stlik va sport bayramiga aylandi. Barcha tengdoshlarim bunday shukuhli kunlarni hech qachon unutmaydi.

Shohruhmirzo Hamidov, Namangan davlat universiteti talabasi:

– Universiada musobaqalarining barcha turlarida o‘z mahoratimizni sinovdan o‘tkazmoqdamiz. Bu sport bayrami barchamizning hayotimizda o‘chmas iz qoldirishi shubhasiz. Men sportning taekvondo turi bo‘yicha ishtirok etmoqdaman.

Farg‘onadagi bunyodkorlik ishlari, ayniqsa, Farg‘ona politexnika institutida yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar bizda katta taassurot qoldirdi. Biz ana shunday e’tiborga munosib bo‘lishimiz, buyuk ajdodlarning avlodi ekanligimizni jahon maydonida namoyon etishimiz shart.