Xorazm viloyatida ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularning hayot tarzini yanada yaxshilashga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Buni “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi tomonidan amalga oshirilayotgan xayrli loyihalar misolida ham ko‘rish mumkin.
2025 yilning ilk yarmida bo‘limga jami 277 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shularning 233 tasi ijobiy yechim topdi. Bu esa mahalla jamiyatning ko‘makka muhtoj har bir a’zosi uchun yetarli e’tibor qaratilayotganidan dalolat beradi. Qolgan murojaatlar esa o‘rganib chiqilib, egalariga aniq tushuntirishlar berilgan.

– Yaqinda Shovot tumani “Eshonqa’la” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi 1-guruh nogironligi bo‘lgan Dilafruz Babajonovaning ham murojaatiga ko‘ra, unga elektron nogironlar aravachasi topshirildi, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi boshlig‘i Islombek Matchonov. – Ayni damda ushbu aravacha Babajonovaning kundalik hayotini yengillashtirish, harakat mustaqilligini oshirish va ijtimoiy faolligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Darhaqiqat, D. Babajonovaning hayotida bu yordam katta ahamiyatga ega bo‘lib, u oilasi uchun zarur mahsulotlarni bozordan xarid qilish, uy ishlarini bajarish kabi muhim vazifalarni o‘z zimmasiga olib, jismoniy imkoniyati cheklanganligini ham unuta boshladi.
– Mahalla xayriya jamoat fondining ushbu ko‘magi uchun davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevga chuqur minnatdorchiligimni bildiraman, – deydi Dilafruz Babajonova. – Hozir bozorga, mehmonga va tongi sayrga hech kimning ko‘magisiz o‘zim borib kelyapman. Sog‘insam dugonalarimni, qarindoshlarimni ko‘rgani boraman. Hayotga, o‘zimga bo‘lgan ishonchim ortdi. Bu aravacha nafaqat meni hayotga qaytardi, balki davlatimiz siyosati va jamiyatimiz tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarga e’tibor hamda g‘amxo‘rlikning amaldagi isboti bo‘ldi.
Ta’kidlash lozim, fond viloyatdagi sog‘liqni saqlash sohasida ham muhim qo‘llab-quvvatlash ishlarini amalga oshirmoqda. Masalan, yurak kasalligi bilan og‘rigan Klara Ollayorovaning jarrohlik amaliyotiga moliyaviy yordam ko‘rsatildi. Bu orqali uning sog‘lig‘ini tiklashiga katta imkoniyat yaratildi.
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga bo‘lgan e’tibor ham to‘xtab qolmagan. Xususan, Bog‘ot tumani Bog‘zor mahallasida ishsiz bo‘lgan to‘rt nafar fuqaroga tikuv mashinalari va 30 bosh parranda olib berildi. Endilikda to‘rttala mahalladosh ayol o‘z mehnati bilan oilasi farovonligini ta’minlash imkoniga ega bo‘ldi. Bu kabi loyihalar aholi bandligini oshirish va ijtimoiy muammolarni bartaraf etishda muhim ahamiyatga ega.
Mazkur sa’y-harakatlar viloyatda ijtimoiy adolat va barqarorlikni ta’minlashda, fuqarolarning hayot sifatini oshirishga katta hissa qo‘shmoqda.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat),
O‘zA muxbirlari