Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har kim inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlarga murojaat etishga haqli
20:45 / 2023-03-29

Joylarda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan targ‘ibot-tushuntirish ishlari hamda aholini referendumda faollikka chorlovchi tadbirlar tashkil etilmoqda. Ana shunday tadbirlarning biri Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasida bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muxtabar Husanova ishtirok etib, yangilanayotgan Bosh qomusimizning ahamiyati haqida ishtirokchilarga batafsil ma’lumot berdi.

– Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqliligi belgilanyapti, – dedi deputat. – Ushbu qoidaning mazmun-mohiyati shundaki, fuqarolar o‘z buzilgan huquq va erkinliklarini o‘zgalar huquqlarini buzmagan holda, mustaqil himoya qilish huquqiga ega. Shuningdek, yangilanayotgan Bosh Qomusimizda har kim agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lgan bo‘lsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqli ekanligi ham mustahkamlanmoqda. Bu fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasini nafaqat milliy qonunchilikda belgilangan normalar, balki xalqaro huquq asosida ham himoyalanishini ta’minlaydi.  

Umuman, Asosiy qonunimizga kiritilayotgan o‘zgarishlarning barchasi inson manfaatlarini ta’minlash, aholining yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgani bilan alohida e’tirofga molik.

Tadbirda so‘z olganlar Konstitutsiyaviy qonun loyihasidagi qator yangiliklar xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Deputat ishtirokidagi targ‘ibot tadbiri Madaniy meros agentligida ham bo‘lib o‘tdi.  

Unda ham yangilanayotgan Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyati keng tushuntirildi. Referendumda ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan barcha fuqarolar o‘z siyosiy huquqlaridan unumli foydalangan holda ushbu muhim jarayonda faol ishtirok etishi lozimligi qayd etildi.

M.Komilova, O‘zA