Xalq ta’limi malaka oshirish tizimi tubdan transformatsiya qilinib, pedagog xodimlarning uzluksiz malaka oshirishi belgilandi. Bu boradagi amaliy ishlar o‘z samarasini ham bermoqda.
Pedagog uchun imkoniyat eshiklari ochildi, bilimini oshirish, foydalanish manbaalari ancha kengaydi, malaka oshirish soddalashtirildi, yengillashtirildi. Yakuniy malaka ishi olib tashlandi.
Ular istagan joyda, istagan vaqtda, qulay sharoitda o‘tirib, "Uzluksiz kasbiy ta’lim" platformasida malaka oshirishi, testlarni yechishi, agarda, testlardan o‘ta olmasa yana qayta- qayta topshirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
2022 yil yanvar oyidan to bugungi kunga qadar platformada 547 914 nafar pedagog xodim tizimda ro‘yxatdan o‘tib, shundan 80 foizdan ortig‘i sertifikat oldi.
2022 yil yakunlanishiga oz qoldi. Afsuski, shuncha imkoniyatlardan foydalana olmagan o‘qituvchilarimiz ham yo‘q emas.
Yil davomida malaka oshirmay, 11 oy davomida harakat qilmay, yil tugashiga 10 kun qolganda shoshib, “bajardingmi bajardim” qabilida ish tutayotgan, natijada o‘zlarini ham tizim xodimlarini ham qiyin vaziyatda qolishiga sabab bo‘layotgan ustozlarimiz ham bor.
Bunday holatda platformaning ortiqcha bosim bilan ishlashi oqibatida muammolar yuzaga keladi. Vaqtdan yutqiziladi, yechim mushkullashadi.
To‘g‘ri, yangi tizimga moslashish biroz vaqt talab qilishi mumkin, ammo vaqtida to‘g‘ri xulosa chiqarish o‘ta muhim.
Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Abdulla Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti jamoasi ustoz-murabbiylardan kelgusi yilda yaratilgan imkoniyat va sharoitdan to‘g‘ri foydalanishlarini, o‘z vaqtida malaka oshirishlarini so‘raydi. Sertifikat olgan barcha ustozlarga muvaffaqiyat yor bo‘lsin. Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev aytganidek: “Taqdirimizni muallim va murabbiy hal qiladi”.
O‘zA