Guliston tumanida mahalliy byudjet xarajatlarining 97,7 foizi o‘zlashtirildi. Bu haqda tuman Iqtisodiyot va moliya bo‘limi tashabbusi bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
2025 yilning birinchi yarmi yakunlariga bag‘ishlangan ushbu anjumanda ommaviy axborot vositalari vakillari, iqtisodchilar, G‘aznachilik mutaxassislari hamda jamoatchilik ishtirok etdi. Anjumanda tuman Iqtisodiyot va moliya bo‘limi rahbari tomonidan 2-chorak bo‘yicha moliyaviy ko‘rsatkichlar taqdim etildi. Ularga ko‘ra, mahalliy byudjet xarajatlarining aniqlashtirilgan rejasi 55 milliard 876 million so‘mni tashkil etgan bo‘lib, shundan 51 milliard 221 million so‘m amaliy ravishda sarflangan.

E’tiborlisi, xarajatlarning eng katta qismi – 27 milliard 435 million so‘m – ijtimoiy sohaga, ya’ni aholini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim, sog‘liqni saqlash va shu kabi yo‘nalishlarga yo‘naltirilgan. Bu — umumiy xarajatlarning yarmidan ziyodini tashkil etadi. Mazkur soha bo‘yicha ijro darajasi 97,5 foizga yetgani qayd etildi.
Qolgan mablag‘lar esa quyidagicha taqsimlangan: iqtisodiyot tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash uchun 9 milliard 466 million so‘m, davlat boshqaruv organlarini saqlash uchun 8 milliard 649 million so‘m, zaxira jamg‘armasi uchun 350 million so‘m va boshqa xarajatlarga 5 milliard 321 million so‘m.

Tadbirda ikkinchi yarim yillikka mo‘ljallangan ustuvor vazifalar ham ma’lum qilindi. Ular orasida yangi ish o‘rinlari yaratish, byudjet barqarorligini saqlash, ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish kabi yo‘nalishlar ustuvor ekani alohida ta’kidlandi.
Matbuot anjumani savol-javoblar shaklida o‘tdi. Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan savollar yo‘lladi. Mutasaddilar tomonidan ularga aniq va asosli javoblar berildi.
Iqtisodiy jarayonlarda ochiqlikni ta’minlash, jamoatchilik bilan doimiy muloqot o‘rnatish va fuqarolarni mahalliy byudjetni shakllantirish va ijro jarayoniga jalb etish muhimligi ham anjumanning asosiy mavzulari qatorida bo‘ldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri