Rossiya-Ukraina
Xitoy tinchlik rejasini e’lon qilishda Ukraina bilan maslahatlashmagan, bu Pekinning niyati jiddiyligini shubha ostiga qo‘yadi, deb bayonot berdi AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays.
“XXR mazkur ziddiyat tezroq to‘xtashini istaganida, Moskvaga ta’sir o‘tkazardi”, dedi u.
Moldovaning sobiq Prezidenti Igor Dodon hokimiyat Konstitutsiyada qayd etilgan betaraflik maqomiga sodiq qolib, mamlakati Ukraina masalasiga aralashib qolishining oldini olishi kerak, deb hisoblaydi.
“Ustuvor vazifamiz iqtisodiyot va ijtimoiy soha bo‘lishi kerak. NATOga kirish haqida gap ochish to‘g‘ri emas”, deya qo‘shimcha qildi siyosatchi.
Buyuk Britaniya Ukrainadagi mojaro muzlatib qo‘yilishiga yo‘l qo‘ymoqchi emas va Kiyev shartiga ko‘ra, nizo tezroq barham topishiga umid qilmoqda. Bu haqda Birlashgan Qirollik Bosh vazirining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Tim Berrou bayonot berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, London Kiyevga qiruvchi samolyot yetkazib berishni o‘ylamayapti, tank va harbiy texnika yuborilishi yetarli.
Germaniyaning “Bild” gazetasi yozishicha, 2023 yil kuzigacha tinchlik o‘rnatilmasa, G‘arb mamlakatlari Ukrainani Rossiya bilan muzokara olib borishga majburlashi kerak.
Polsha Ukrainaga qurol-yaroq yetkazib berishni boshlagan, deb ma’lum qildi mamlakat Bosh vaziri o‘rinbosari, milliy mudofaa vaziri Mariush Blashak “Polska. Metropolia warszawska” nashriga bergan intervyusida.
U jumladan “Bugungacha Varshava Kiyevga “T-72” tanklari, artilleriya snaryadi va o‘q-dori, ko‘chma zenit-raketa majmuasi, uchuvchisiz boshqariladigan qurilmalar jo‘natgan”, dedi.
Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto xalqaro vositachilarning Ukraina atrofidagi ziddiyatni hal etish maqsadiga qaratilgan sa’y-harakatlarini umidsiz, deb bo‘lmasligini bildirdi.
“Vengriya Ukraina masalasini tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori, bundan keyin ham “dunyo ovozi yanada kuchliroq bo‘lishi kerak” shiorini to‘la qo‘llab-quvvatlaydi”, dedi mulozim.
Xitoy hukumati Ukraina bo‘yicha o‘zgarmas qarashga ega, muammoni tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori, dedi TIV rasmiy vakili Mao Nin. Shuningdek, XXR AQSH tomoni bildirgan “Xitoydan Rossiyaga harbiy yordam to‘g‘risida”gi tahdid va ayblovlarni qabul qilmaydi, dedi u. Qo‘shma Shtatlarning Xitoy-Rossiya munosabati yuzasidan hech qanday xuruj qilishga huquqi yo‘q. Biz AQSH tomonidan tahdid va bosimga umuman toqat qilmaymiz”, deya qo‘shimcha qildi Nin.
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Vashington XXRning Rossiyaga harbiy yordami to‘g‘risida ayrim tasdiqlovchi ma’lumotlarni ochiqlashga shaylanmoqda, degan. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Pekin, go‘yoki, Rossiyaga halokatli yordam bermoqda”.
“Qrimning Ukrainaga qaytarib berilishi tinchlikni tiklashga ko‘maklashadi, deb yozdi Vladimir Zelenskiy ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
“To‘qqiz yil avval Qrim bosib olingan edi, bu zaminda biznikilar yashaydi. Mamlakatimizning har bir burchagida Ukraina bayrog‘i hilpiraydi hali”, dedi Prezident.
Ukraina Harbiy-havo kuchlari qo‘mondonligi rasmiy vakili Yuriy Ignat bayonotiga ko‘ra, mamlakat Qurolli Kuchlari mustaqillikka erishgan davrdan beri biror harbiy texnika sotib olmagan.
“Havo kuchlari tarkibidagi eng so‘nggi qiruvchi “Su-27” samolyoti 1991 yil olingan, bu davlatimiz mustaqilligi bilan teng davr”, deb ta’kidladi u.
Abror XON,
O‘zA