Murojaatnoma – talabalar nigohida
Mana, bir necha yildan buyon vatandoshlarimiz davlatimiz rahbarining xalqimizga Murojaatnomasini intiqlik bilan kutadi va katta qiziqish bilan qarshi oladi.
Negaki, Murojaatnomada yurtimizda keyingi yillarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan strategik vazifalar e’lon qilinadi, kelgusi rejalar belgilanadi. Shuningdek, yangi yilga nom beriladi.
Muhtaram yurtboshimizning 2022 yil 22 dekabrda Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasini barchamiz oynai-jahon orqali ko‘rib, matbuot sahifalarida qayta-qayta o‘qidik.
Unda qilingan ishlar sarhisob etilib, 2023 yilda mamlakatimizni tenglar ichra teng bo‘lib rivojlanishi borasida qilinishi zarur bo‘lgan ishlar alohida e’tirof etildi.
Albatta, yurtboshimizning Murojaatnomasini barcha yurtdoshlarimiz qatori men ham shu aziz Vatanning farzandi sifatida katta mamnuniyat bilan qarshi oldim. Boisi Prezidentimiz tomonidan biz yoshlarga ham katta ishonch bildirilmoqda.
Prezidentimizning «Taraqqiyotga – faqat mashaqqatli va jasoratli mehnat orqali erishiladi», degan so‘zlarini hayotimiz shioriga aylantirdik. Ha, halol mehnat hamisha qadr topadi, shuningdek, mehnat qilgan elda azizdir.
O‘zbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining pirovardida inson va uning manfaatlarini ta’minlash ustuvor vazifa etib belgilangan. Inson qadrini ulug‘lash – yurtimizda yashayotgan har bir odamning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash, demakdir.
So‘nggi yillarda yurtimizda inson kapitaliga yuksak e’tibor qaratilayotgani tarixiy ahamiyat kasb etmoqda. Binobarin, inson kapitali, bu – insonning o‘ziga va mamlakatiga, xalqiga foyda keltirishga tayyorligi darajasidir. Shuningdek, «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili»da ham inson omiliga – tarbiya, ta’lim, bilim, sog‘liqni saqlash va hayotini farovon qilishga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar hajmi ortayotgani yanada quvonarlidir.
Mamlakatimizning porloq kelajagi, ravnaqi va barqarorligi, dunyo mamlakatlari ichida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lishi so‘zsiz innovatsion bilimlarni egallagan, boshqacha aytganda, inson kapitali sohibi bo‘lgan bugungi yoshlar qo‘lidadir. Shu sababli Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlar tarbiyasida eng muhim qadamlar tashlanmoqda. Bu, albatta, yaqin kelajakda shubhasiz, o‘z samarasini ko‘rsatajak!
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida «Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir», deya alohida ta’kidladilar.
Yusuf Xos Hojib bobomiz aytganlaridek:
«Zakovat bor joyda ulug‘lik bo‘ladi,
Bilim bor joyda buyuklik bo‘ladi».
Albatta, ta’limga tikilgan sarmoya kelajakka yo‘naltirilgan to‘g‘ri qadamdir. Yurtboshimiz tomonidan ta’lim-tarbiyaga berilayotgan e’tibor xalqimizning hayoti yanada farovon va mazmunli bo‘lishi, jahon ilm-ma’rifatiga munosib hissa qo‘shgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Ahmad-al Farg‘oniy kabi buyuk ulamolar yetishib chiqqan diyorimizda hali ularning davomchilari ham kamol topishi uchun bor kuch va imkoniyatlar safarbar etilishiga, inson qadrini ulug‘lash yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilishiga ishoradir.
Ha, ilm yo‘q joyda qoloqlik, jaholat va albatta, to‘g‘ri yo‘ldan adashish bo‘ladi. Sharq donishmandlari aytganidek, «Eng katta boylik, bu — aql-zakovat va ilm, eng katta meros, bu — yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik, bu – bilimsizlikdir!». Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir.
Joriy yilda ham Yangi O‘zbekiston uchun eng katta investitsiya bo‘lgan ta’limni qo‘llab-quvvatlashga yuksak e’tibor qaratilishi Murojaatnomadan o‘rin oldi. Ma’rifatparvar jadid bobolarimizning «Najot – ta’limda, najot – tarbiyada, najot – bilimda. Chunki, barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi», degan so‘zlari har birimizning amaliy harakatimizga aylanishi kerak. Shu bois, maktablarda ta’lim sifati hamda jamiyatda o‘qituvchi kasbining nufuzini oshirish, muallimlarning sharoitlarini yaxshilash 2023 yildagi eng asosiy vazifalarimizdan biri bo‘lishi barchamizga faxr-iftixor bag‘ishlaydi.
Bir so‘z bilan aytganda, Murojaatnomada bugungi kunning dolzarb masalalari o‘rin olgan bo‘lib, har birimizdan ertangi kunga befarq bo‘lmay, daxldorlik tuyg‘usi bilan yashashni talab etadi.
Sevara TO‘XTAMATOVA,
FarDU San’atshunoslik fakulteti 3-kurs talabasi