Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har bir xonadonda imkoniyatlar bor
14:33 / 2026-02-12

Buxoro viloyati Olot tumani “Soinqorovul” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Boboxon Bahromovlar uy sharoitida ko‘p tarmoqli tadbirkorlikni tizimli ravishda yo‘lga qo‘yib, qisqa vaqt ichida barqaror va uzluksiz daromad manbalarini shakllantirgan.

Jumladan, 2 sotix maydonda barpo etilgan issiqxonada 25 tup limon ko‘chati parvarishlanmoqda. 16 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari hisobidan tashkil etilgan ushbu issiqxonada limon daraxtlari ayni paytda gullab, hosilga kirish arafasida turibdi.

Xonadon hududidagi 8 sotix maydonda tashkil etilgan maxsus hovuzda zog‘ora, do‘ngpeshona, laqqa kabi baliq turlari parvarishlanmoqda. Baliqchilik xo‘jaligida yiliga 2 tonnadan ortiq sifatli baliq go‘shti yetishtirilib, ushbu yo‘nalishdan o‘rtacha 40-50 million so‘m daromad olinmoqda.

Bundan tashqari, xonadon hovlisida 2 ming tupdan ortiq mevali daraxtlar – olma, nok, xurmo, yong‘oq, shaftoli, anjir va boshqa turdagi ko‘chatlar parvarishlanmoqda. Bog‘dorchilik yo‘nalishi yil davomida 20 million so‘mdan ortiq daromad keltirmoqda. Uzumchilik sohasida esa husayni, qora kishmish, kelin barmoq, qorago‘zal, toifi kabi navlar yetishtirilib, ushbu yo‘nalishdan o‘rtacha 10-15 million so‘m atrofida foyda olinayotir.

Zamonaviy yondashuv asosida xonadonda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish ham yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, 100 million so‘m imtiyozli kredit asosida quyosh panellari o‘rnatilib, bu nafaqat elektr energiyasi xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirish, balki ortiqcha energiyani sotish orqali qo‘shimcha daromad olish imkonini ham bermoqda.

–Avval boshida barchasi qiyindek tuyulgan, –deydi Boboxon Baxromov. –Lekin mehnat qilsang, intilish bo‘lsa, natija albatta bo‘ladi. Issiqxonani imtiyozli kredit hisobidan qurdik. Hozir limonlar gullab, hosilga kirish arafasida. Bu biz uchun barqaror daromad manbai bo‘ladi. Eng muhimi, farzandlarimiz ham mehnatga o‘rganyapti, tadbirkorlik ruhi shakllanyapti. Baliqchilikni ham tajriba sifatida boshlaganmiz. Hozir esa u asosiy daromad manbalarimizdan biriga aylandi. Har yili ikki tonnadan ortiq baliq yetishtiryapmiz. Bu nafaqat oilamizni ta’minlayapti, balki bozorga sifatli mahsulot chiqarish imkonini ham beryapti. Biz bir yo‘nalish bilan cheklanib qolmaslikka harakat qildik. Bog‘dorchilik, uzumchilik, issiqxona, baliqchilik  bir-birini to‘ldiradi. Agar bir sohada vaqtincha qiyinchilik bo‘lsa, boshqasi daromadni ta’minlab turadi. Bu ko‘p tarmoqli tadbirkorlikning eng katta ustun tomoni. Quyosh panellari biz uchun juda foydali bo‘ldi. Ilgari elektr xarajatlari katta muammo edi. Hozir esa o‘z ehtiyojimizdan tashqari qo‘shimcha energiya orqali ham daromad olish imkoniyati paydo bo‘ldi.  

Umuman olganda, Bahromovlar xonadonida issiqxona xo‘jaligi, baliqchilik, bog‘dorchilik, uzumchilik hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish kabi yo‘nalishlar o‘zaro uyg‘unlashgan.  

Baxromovlar oilasi tajribasi shuni ko‘rsatadiki, har bir xonadonda imkoniyat bor. Muhimi, tashabbus, mehnat, izlanish va davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalana bilishdir. Ana shunda oilaviy tadbirkorlik nafaqat oila farovonligi, balki butun mahalla va jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladigan kuchli iqtisodiy omilga aylanadi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri