“O‘zbek geologiya qidiruv” AJda o‘tkazilgan tadbir korrupsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlariga bag‘ishlandi.
Mazkur tashkilot mas’ullari va mutaxassislar ishtirok etgan tadbirda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi boshlig‘i Shuhrat Sog‘dullayev so‘zga chiqib, mazkur yo‘nalishning huquqiy asoslari, amaliy usullari va qoidalari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Uning qayd etishicha, korrupsiyaga qarshi samarali kurashish nafaqat qonun talablarini bajarish, balki xodimlar hamda tashkilotlar orasida axloq normalarini mustahkamlashdan iborat.

–Bu esa nafaqat davlat manfaati, balki har bir xodimning professional faoliyati uchun muhimdir. Manfaatlar to‘qnashuvi va odob-axloq qoidalariga rioya qilish har bir xodimning ish samaradorligini oshiradi va tashkilotning sha’nini mustahkamlaydi. Shunday tadbirlar natijasida huquqiy bilimlar kengayadi. Har bir xodim o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondashadi va tashkilotdagi ish jarayonlarini yaxshilashga harakat qiladi. Bu esa “O‘zbek geologiya qidiruv” AJning samarali va shaffof faoliyatini ta’minlaydi, –dedi Sh.Sog‘dullayev.
Seminar davomida korrupsiyaga qarshi kurashish tartib va talablariga keng urg‘u berildi. Unda ta’kidlanganidek, bu kabi tadbirlar xodimlar uchun bilim va malakani oshirish imkoniyatini yaratadi. Shu bilan birga, tashkilotlarda ochiqlik va hisobdorlik muhitini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarini berib, mutaxassislardan to‘liq va aniq javoblar oldi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA