Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har bir tup ko‘chat parvarishi nazorat qilinadi
18:41 / 2024-04-02

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy yil bahorgi mavsumda Samarqand viloyati hududida 10,2 million tup manzarali, mevali va buta ko‘chatlari ekish manzilli dasturi tasdiqlangan.

22-mart holatida viloyat bo‘yicha 2,5 million tup ko‘chat o‘tqazilib, “Yashil makon” elektron platformasiga kiritildi.

Samarqand viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Baxtiyor Xudoyqulov yaqinda Xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida bergan hisobotida ushbu ma’lumotlarni qayd etdi.
O‘z navbatida avvalgi yillarda ko‘chat ekishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni inobatga olgan holda deputatlar va keng jamoatchilikdan 16 shahar va tuman hokimliklari tomonidan 34 ta “yashil bog‘”, 13 ta “yashil jamoat parki” tashkil qilish, sanoat korxonalari hududida va unga tutash hududlarda 800 ming tup ko‘chat o‘tqazish, ekilgan ko‘chatlarni parvarishlash va qurib qolishining oldini olishda jamoatchilik nazoratini o‘rnatish orqali amaliy yordam berishni so‘radi. 

Deputatatlar esa “Yashil makon” loyihasi doirasida ekilayotgan daraxt ko‘chatlarining aniq hisobini yuritish, kerak bo‘lsa, har bir ko‘chat taqdiri bilan qiziqish va boshqarma tomonidan ta’sirchan chora ko‘rish zarurligini ta’kidladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, loyiha doirasidagi ishlarni tashkil etish va amalga oshirishda muammolar, kamchiliklar ko‘zga tashlanmoqda. Ko‘p hollarda falon tup ko‘chat ekildi, deb hisobot berilgan bo‘lsa-da uning qanchasi ko‘kargani, qanchasini parvarishlash, sug‘orish tizimi yaratilgani ma’lum qilinmasdi. Aniqrog‘i, bunday tizimning o‘zi yo‘q edi.

– Endilikda qayerdan, qanaqa turdagi ko‘chat olishdan boshlab, ekiladigan joy, sug‘orish tizimi yaratilgani, parvarishlashga mas’ullargacha belgilanmoqda, – deydi Samarqand viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Baxtiyor Xudoyqulov. – Ekilgan har bir ko‘chat haqidagi ma’lumot esa “Yashil makon” elektron platformasiga kiritilishi shart. Agar platformaga kiritilmasa, hisobga olinmaydi ham. Shuning uchun ayni paytda ko‘chat ekishga doir ma’lumotlar har kuni platformaga kiritib borilmoqda. Bu har bir daraxt ko‘chati uchun javobgarlik bor degani, nazorat qilish ham oson kechadi.

[gallery-16735]

Davlatimiz rahbari tomonidan 29-mart kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham “Yashil makon” loyihasi doirasidagi ishlar tahlil qilinib, daraxt ekishni ommalashtirish bo‘yicha tashabbus va targ‘ibot yetishmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Bu borada davlat tashkilotlari bilan birga mahalliy Kengashlar, Ekopartiya va boshqa uyushmalar, mahallalar – hamma birdam bo‘lib harakat qilsa, juda ko‘p bog‘lar yaratilishi ta’kidlandi.

Samarqand viloyati hokimining shu yil 20-martda qabul qilingan farmoyishida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2024-yil bahor va kuzgi mavsumda viloyat bo‘yicha 16 million 333 ming tup ko‘chat ekilishi har bir tuman va shahar bo‘yicha aniq belgilab berilgan. Shuningdek, ko‘chatlarning taqsimoti belgilandi. Avvalgi yillardan farqli ravishda bu yil mevali daraxt va uzum ko‘chatlari, hududlarning tuproq va iqlim sharoitiga mos tut, terak, qayrag‘och, tol ekishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Jumladan, Kattaqo‘rg‘on tumani ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi inspeksiyasi davlat inspektorlari hamda tuman fermerlar kengashi xodimlari tomonidan tuman hududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘llari yoqasida “yashil belbog‘” yaratish maqsadida shu paytgacha 5000 tupdan ortiq tut ko‘chat ekildi.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasi viloyat vakilligi tomonidan Pastdarg‘om tumanidagi “Imom ota” jome masjidi hududidagi 10 sotixdan ortiq yer maydonida mevali daraxt ko‘chatlari o‘tqazilib, bog‘ tashkil etildi. 

Viloyat hududida “yashil belbog‘” va “yashil jamoat parklari”ni tashkil etishda “Yashilloyiha” loyiha instituti va boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda loyihalar tayyorlanmoqda. Bunda 2023-yil noyabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi (CRIC-21) ijrosini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasi doirasida Samarqand tumanida tashkil etilgan “CRIC-21 yashil bog‘i” hamda shu yilning fevral oyida o‘tkazilgan BMTning Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash bo‘yicha Konvensiyasi ishtirokchilari konferensiyasining 14-yig‘ilishi (CMS COP14) munosabati bilan barpo etilgan “COP14 yashil jamoat parki” loyihalari namuna sifatida qabul qilingan. 

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari