Sirdaryo viloyatida 2025-2026 yil kuz-qish mavsumiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilish ham shu masalaga bag‘ishlandi. Tadbirda mas’ullarga aniq va manzilli vazifalar yuklatildi. Jumladan, har bir tuman va shahar hokimligi hududida kamida 500-1000 tonna sig‘imli ombor va sovutkichli majmualarni barpo etish qat’iy belgilandi.
Ayni paytda viloyatda 45 ta ombor va sovutkichli infratuzilma mavjud. Biroq, Shirin shahri va Oqoltin tumanida bunday inshootlar yo‘q.
Majlisda viloyat hokimi endi omborsiz hudud qolmasligini, har bir tuman o‘z oziq-ovqat zaxirasi uchun shaxsan javob berishini ta’kidladi.
Oziq-ovqat mahsulotlarini zaxiraga jamg‘arish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Bu yo‘nalishdagi ishlarni tizimli va samarali tashkil etish uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilar bilan shartnomalar tuzish, moliyaviy manbalarni belgilash hamda zaxiraga qabul qilingan mahsulotlarni sifatli saqlash imkoniyatiga ega omborxonalarni mavsum uchun shay holatga keltirish vazifalari belgilab olindi.
Ijtimoiy soha ob’ektlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi masalasi ham muhokama qilindi. Joriy yilda viloyatda 59 ta umumta’lim maktabi, 19 ta bog‘cha va 6 ta tibbiyot muassasasini mavsumga tayyorlash rejalashtirilgan. Ta’mirga muhtoj ob’ektlarda esa keng ko‘lamli qurilish va ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
[gallery-23964]
Mas’ullarga qurilish materiallaridan samarali foydalanish, jarayonlarni tezkorlik bilan muvofiqlashtirish hamda barcha ta’mirlash ishlarini joriy yilning 1 sentyabriga qadar to‘liq yakunlash uchun qat’iy topshiriq berildi. Kuz-qish mavsumi davrida viloyat bo‘yicha jami 13,7 ming tonna ko‘mir talab etilishi kutilmoqda. Shu maqsadda “Ko‘mir ta’minot” MCHJ bilan tegishli shartnoma tuzilgan. Ijtimoiy ob’ektlarga ko‘mirni belgilangan muddatda yetkazib berish, shuningdek, butun jarayonni doimiy monitoring qilish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.
Yig‘ilish yakunida viloyat hokimi barcha rahbarlardan tayyorgarlik ishlarini kechiktirmasdan boshlash, nazoratni kuchaytirish va yuqori mas’uliyat bilan faoliyat yuritishni talab qildi.
– Hozirdan tayyorgarlik ko‘rilsa, qish tinch va betalafot o‘tadi. Bu xalq farovonligi, bolalar xavfsizligi va kelajak avlod salomatligi uchun hal qiluvchi masala, – dedi Erkinjon Turdimov.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/FTHZUViBGPY" title="Har bir tumanda 500–1000 tonna sig‘imli ombor va sovutkichli majmualar barpo etiladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>G‘ulom Primov,
Shahriyor Ortiqboyev (surat, video), O‘zA muxbirlari