O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Ilk rivojlanish markazlari faoliyatini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish chora-tadyuirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, har bir tuman (shahar)da Ilk rivojlanish markazlari faoliyati bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.
Mazkur qaror bilan:
2025 yilda tashkil etiladigan Ilk rivojlanish markazlari ro‘yxati;
2026-2028 yillarda Ilk rivojlanish markazlarini tashkil etish rejasi;
Ilk rivojlanish markazlari to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Ushbu Markazlarning asosiy vazifalari:
maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinmagan bolalar uchun maktabgacha ta’lim xizmatlaridan foydalanishda teng imkoniyatlar yaratish;
bolaning jamiyatga moslashishini va ta’lim olishni davom ettirishga tayyorligini ta’minlash;
bolaning yoshi, o‘ziga xos imkoniyatlari, qobiliyatlari hamda ehtiyojlarini inobatga olib, har tomonlama kamol topishini ta’minlashdan iborat bo‘ladi.
Markazlar quvvatiga nisbatan past koeffitsiyentda faoliyat ko‘rsatayotgan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, kasbiy ta’lim tashkilotlari va boshqa ijtimoiy soha ob’ektlarida:
birinchi bosqichda (2025 yil) - 50 ta tuman (shahar)da;
ikkinchi bosqichda (2026-2028 yillar) - qolgan tuman (shahar)larda tashkil etiladi.
Markazlar hududlarning ehtiyojidan kelib chiqib, maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinmagan bolalarni, shu jumladan, birinchi navbatda “Kambag‘al oilalar reyestri”ga kiritilgan oilalarning farzandlarini qamrab oladi.
3-6 yoshli bolalar uchun “o‘yin guruhi”, 2-7 yoshli alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun “maxsus maktabgacha ta’lim xizmati” modellari asosida ta’lim-tarbiya beriladi.
2025 yil 1 avgustdan boshlab ayrim toifadagi oilalar farzandlarini qabul qilgan oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga ushbu bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovining bir qismini Davlat byudjetidan qoplab berish (kompensatsiya ajratish) tartibi joriy qilinadi.
2025 yil 1 avgustga qadar markazlar o‘quv-uslubiy, didaktik materiallar, badiiy adabiyotlar, rivojlantiruvchi o‘yinlar va o‘yinchoqlar bilan ta’minlanadi.
Markazlarda faoliyat ko‘rsatadigan pedagoglar, tarbiyachilar va boshqa xodimlar qisqa muddatli malaka oshirish hamda qayta tayyorlash kurslarida o‘qitiladi.
O‘zA