Bugungi kunda yurtimizda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, mavjud resurslardan oqilona foydalanish hamda suv isrofining oldini olish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Navoiy viloyatida ham ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlar, nazorat tadbirlari va targ‘ibot ishlari tahlil qilinganda, muayyan natijalar bilan bir qatorda muammolar ham mavjud ekani ko‘zga tashlanadi.

Hozirda viloyat aholisining 85,7 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan bo‘lib, qolgan 14,3 foiz aholi alternativ manbalar orqali suv iste’mol qilmoqda. Bu ko‘rsatkichlar hududda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash borasida muayyan ishlar qilinganidan dalolat bersa-da, suv resurslariga nisbatan munosabat masalasi hali ham yetarli darajada emasligini ko‘rsatadi. Afsuski, jamiyatda suvni tejab ishlatish madaniyati to‘liq shakllanmagan, isrofgarchilik holatlariga tez-tez duch kelinmoqda.

Navoiy viloyati hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan 2025 yil davomida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida 493 ta huquqbuzarlik holati aniqlanib, 1 milliard 246 million so‘m ma’muriy jarimalar rasmiylashtirilgan. Shuningdek, 125,8 million so‘mlik moddiy zarar yetkazilgani ma’lum bo‘ldi. Aniqlangan huquqbuzarliklarning asosiy qismi – 407 tasi ichimlik suvi tarmoqlariga noqonuniy ulanishlar, 86 ta holatda esa suv iste’molini hisobga olish qoidalari buzilishi bilan bog‘liq.

– O‘rganishlar natijasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda jami 30 ta, umumiy qiymati 5 milliard 614 million so‘mlik turli holatlar aniqlangani mazkur sohadagi mas’uliyatsizlik va qonunbuzilish holatlari jiddiy tus olganini ko‘rsatadi. Bu esa suv ta’minoti tizimida qat’iy nazorat va javobgarlik mexanizmlarini yanada kuchaytirish zarurligini taqozo etadi, – deydi viloyat hududiy Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Fozilbek Hayitov. – Ichimlik suvining sifati ham inspeksiyamiz xodimlarining doimiy e’tibor markazida bo‘lib, 2025 yil davomida iste’molchilarga yetkazib berilgan suv bo‘yicha 2176 ta laboratoriya tahlillari o‘tkazildi. Natijada sinovdan o‘tgan namuna tahlillarining bir qismi belgilangan sanitariya normalari talablariga to‘liq javob bermasligi aniqlandi. Bu holat aholi salomatligiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi omil sifatida juda katta xavotir uyg‘otadi.

Shu bilan birga, aholi bilan shartnomaviy munosabatlarni tartibga solish borasida ham muayyan ishlar amalga oshirildi. Viloyatdagi 98 ta mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 457 ta iste’molchi bilan shartnomalar rasmiylashtirilib, qariyb ikki ming nafar aholi qamrab olindi. Byudjet tashkilotlarida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida esa 647 ta muassasada 118 turdagi kamchilik aniqlanib, 64 ta holat bo‘yicha 111 million so‘m ma’muriy jarimalar qo‘llanildi.

Shuningdek, “Navoiy suv ta’minoti” AJ tomonidan berilgan texnik shartlar, yer osti suv quduqlari holati ham o‘rganib chiqildi. 243 ta quduqda o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida 112 ta kamchilik aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, 269 ta avariya holati aniqlanib, ularni zudlik bilan bartaraf etish choralari ko‘rildi.
Dunyo miqyosida ichimlik suvi taqchilligi tobora kuchayib borayotgan bir paytda, har bir tomchi suvning qadrini anglash, uni asrab-avaylab foydalanish barchamizning burchimizga aylanishi lozim. Bugun jahonda millionlab odamlar toza ichimlik suvi yetishmasligidan aziyat chekmoqda. Shunday sharoitda suvni isrof qilish, unga beparvo munosabatda bo‘lish nafaqat iqtisodiy, balki ma’naviy jihatdan ham kechirilmas holdir. Suv hayot manbai ekan, uni asrash va tejab ishlatish har birimizning burchimizdir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri