Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har bir tarmoqda ixtiro qancha ko‘p bo‘lsa, mushkul shuncha osonlashadi
17:33 / 2021-04-28

Xabaringiz bor, davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida “Hayot davomida o‘qish” tamoyili haqida so‘z yuritilib, nazariya va amaliyot uyg‘unligisiz hech qanday natijaga erishib bo‘lmasligi, shuning uchun davlat idoralari va ishlab chiqarish sub’ektlari hamda ta’lim jabhasidagi uzviy hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi alohida ta’kidlangan edi.

Bugun ilm-fan va ishlab chiqarish uyg‘unligi qay tarzda? Fan yutuqlari amaliyotga qay darajada tatbiq etilayapti? Bu borada iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qanday tizimlar mavjud?

Shu kabi savollarning veterinariya va chorvachilik tarmog‘idagi javoblari xususida O‘zA muxbiri Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Jabborov bilan suhbatda bo‘ldi.

– Aytingchi, siz faoliyat yuritayotgan qo‘mita fan va ishlab chiqarish uyg‘unligi tamoyili bo‘yicha qanday ishlarni amalga oshirmoqda?

– Mazkur tamoyil asosida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan tizimdagi mutaxassislar va chorvachilik, baliqchilik hamda parrandachilik yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan xo‘jalik mutaxassislarining malakasini uzluksiz oshirib borish bo‘yicha maxsus dastur ishlab chiqildi. Dasturga muvofiq, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va asalarichilik yo‘nalishlari bo‘yicha yil davomida bo‘lib o‘tadigan maxsus o‘quv-seminarlari tashkil etildi. Shu kunga qadar viloyatlarda soha olimlari, mutasaddilar ishtirokida 25 marta o‘quv-seminarlari o‘tkazildi. Seminarlarda jami 3500 nafardan ortiq chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklari, ishlab chiqarish korxonalari vakillari hamda 500 dan ziyod mutaxassislar ishtirok etishdi.

– Xorijda ishlab chiqilayotgan pereparatlarni mahalliylashtirish va o‘zimizda ixtiro qilinayotgan veterinariya dori vositalari xususida qanday yangiliklar bor?

– Mutaxassis va olimlar tomonidan xorijda yaratilgan samaradorligi yuqori pereparatlar, qo‘shimcha ozuqalar bosqichma-bosqich mahalliylashtirilmoqda. Olimlarimiz yangi dori vositalarini ixtiro qilmoqda. Deylik, yil boshida Veterinariya ilmiy tadqiqot instituti olimlari tomonidan chorva hayvonlarining tuberkullyoz (sil) kasalligini tezkor aniqlovchi antigen ixtiro qilindi va keng ko‘lamda ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yildi. Tadqiqot ustida ish olib borgan olimlar jamoasining fikricha, o‘tgan yilning avgust oyida Toshkent viloyatining chorvachilik xo‘jaliklarida mazkur antigenning klinik sinovlari o‘tkazilgan va 98,2 foiz samarador ekanligi isbotlangan. Ayni paytda mazkur antigenni keng ko‘lamda ishlab chiqarish uchun veterinariya dori vositalarini ishlab chiqaruvchi “BIOVET” MCHJ va Veterinariya ilmiy tadqiqot instituti o‘rtasida bir yuz o‘n bir million so‘mlik shartnoma imzolangan. O‘zbek olimlari tomonidan ixtiro qilingan mazkur antigen chorva hayvonlarining tuberkullyoz (sil) kasalligi qo‘zg‘atuvchisini bugun dunyo bo‘ylab ishlatilayotgan shu turdagi vositalardan ikki barobar tez va yuqori sifatda aniqlashi tasdiqlandi.

– Ajoyib yangilik ekan!

– Albatta. Yaqinda qo‘mita raisining chorva mollari va parrandalarning gelmintozlariga qarshi mahalliy vositalarni amaliyotga tatbiq etish to‘g‘risidagi buyrug‘i chiqdi. Bu ham yuqorida siz tilga olgan xorijiy dori vositalarni mahalliylashtirish ishlar sirasiga kiradi. Ayni paytlarda chorva mollarining fassiolyoz, shistosomoz (oriyentobilgarsioz) va paramfistomatozlarining oldini olishda yangi, mahalliy mollyuskotsid vositalarni qo‘llash bo‘yicha qo‘llanma yaratilmoqda. Qo‘y gelmintozlariga qarshi albendazol, mis kuporosi va tuz aralashmasini tayyorlash va qo‘llash bo‘yicha qo‘llanma tayyorlandi. 

Qorako‘lchilik xo‘jaliklarida gelmintozlarga qarshi yangi kimyoviy vosita-bentonitli antigelmint-tuz aralashmalarni qo‘llash bo‘yicha qo‘llanma va yo‘riqnomalar ishlab chiqilmoqda. Parranda mahsuldorligini rag‘batlantiruvchi vosita – gossipren va uni qo‘llash bo‘yicha qo‘llanma ustida ham ishlar olib bormoqdamiz. Hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazlari bazasida ilmiy yechilmalarni amaliyotga keng joriy etish maqsadida, chorvachilik va parrandachilik fermer xo‘jaliklariga shartnoma asosida pullik veterinariya xizmati ko‘rsatish tizimini tashkil etmoqdamiz. Albatta, pullik veterinariya xizmatidan tushgan mablag‘lar hisobidan zaruriy vositalar, dori-darmonlar, asbob-uskunalar sotib olishimiz va ilmiy yechilmalarni amaliyotga tatbiq etishimiz oson kechadi.

Tan olish kerak, tarmoqda ixtiro ko‘p bo‘lsa, chorvadorning mushkuli osonlashadi!

– Yangiliklardan charchamangizlar.

– Rahmat!

O‘zA