Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har bir tadbirkorga – ko‘makdosh, yelkadosh va madadkormiz
17:21 / 2019-11-12

Selektor tarzida olib borilgan yig‘ilish barcha tuman studiyalarida ham eshittirildi.


Kitob tumani hokimligida bo‘lib o‘tgan faollar yig‘ilishida Qashqadaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzaev viloyat tadbirkorlari, ishbilarmonlari va biznes vakillariga murojaat yo‘lladi.

Selektor tarzida olib borilgan yig‘ilish barcha tuman studiyalarida ham eshittirildi.

Qashqadaryo vohasi – mamlakatimizda o‘zining shonli tarixi, tengi yo‘q osori-atiqalari va madaniy meros ob’ektlari bilan o‘z o‘rniga ega. Shu bilan birgalikda jonajon yurtimizning go‘zal va betakror tabiati, qulay iqlimi, sarxil mevalari, boy tabiiy resurslari, unumdor yerlari tadbirkorlikning barcha yo‘nalishlarida keng va samarali faoliyat olib borish imkonini beradi.

Bugungi kunda viloyatda 53 ming 300 dan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat yuritadi. Ularning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi keyingi 3 yilda 51,1 foizdan 61,4 foizga ko‘tarildi.

Viloyat hokimi o‘z murojaatida viloyatdagi barcha mahalliy boshqaruv va ijro organlarining tadbirkorlik sohasiga oid faoliyatini tanqidiy tahlil qilgan holda, olib borilayotgan ishlar talabga javob bermasligini, tadbirkorlarning yanada samaraliroq faoliyat yuritishi uchun ko‘plab to‘siqlar bo‘layotganini ta’kidladi.

Xususan, viloyatda tadbirkorlar uchun yer ajratish va infratuzilma tarmoqlariga ulanishda belgilab berilgan muddatlarga rioya qilmaslik va asossiz rad etish, tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatga olish, ruxsat berish, litsenziyalash va mulkka egalik huquqini belgilashda vakolatli organlar tomonidan sansolarlik va ortiqcha qog‘oz talab qilish holatlari kuzatilgan. Kredit ajratishda “resurs yo‘q”, “garov ta’minoti yetarli emas” kabi asossiz vajlarning ishlatilishi, kredit foizlarining yuqoriligi hamda garovga qo‘yilayotgan mulklarni narxlashda tadbirkor bilan bank o‘rtasida kelishmovchiliklarning ko‘plab mavjudligi, banklar tomonidan kredit foizlarini belgilashda tadbirkorlik yo‘nalishidan kelib chiqib, differensial yondashuvning yo‘qligi sabab, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohasidagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish samaradorligi past.

Tadbirkorlarga tegishli bo‘lgan xususiy mulklarni asossiz olib qo‘yish, obodonlashtirish bahonasida tadbirkorlar mulkini noqonuniy buzish yoki ko‘chirish holatlarining ko‘plab uchrayotgani, soliq imtiyozlarini qo‘llash, faoliyatiga asossiz aralashish va homiylik qilishga majburlash holatlariga barham berilmayapti. Mahalliy hokimliklarda malakali mutaxassislarning yetishmasligi, soliq, savdo-sanoat palatasi, tijorat banklari, davlat aktivlarini boshqarish hamda davlat xizmatlari agentliklari, arxitektura, kadastr va shu kabi tadbirkorlik faoliyatiga aloqador bo‘lgan boshqa ko‘plab idoralar o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlikning muvofiqlashmagani sababli hududlardagi mineral resurslar, tabiiy boyliklar va iqlim sharoitdan kelib chiqib, tashabbuskorlar va investorlarni yo‘naltirish, bu borada zarur axborotlarni taqdim qilish tizimi to‘laqonli shakllanmagan.

Buning isboti sifatida viloyatdagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi o‘z faoliyatini boshlagan qisqa fursat ichida, qabulxonaga qilingan 1 ming 598 murojaatda 2 ming 116 muammo qayd etilganidan ham anglash mumkin.

Lekin mana shunday qiyinchilik va byurokratik holatlar bo‘lishiga qaramay o‘zlarining vatanparvarligi, tinimsiz harakati tufayli samarali faoliyat olib borayotgan tadbirkorlarimiz bor va quvonarlisi ular ko‘payib bormoqda, dedi Zoyir Mirzaev.

Masalan, Qarshi tumanidagi “Sharofiddin Nurullo” mas’uliyati cheklangan jamiyati aholiga yuk va yo‘lovchi tashish xizmatini yo‘lga qo‘yib, 120 nafar fuqaroni ish bilan ta’minlab, ayni paytda yiliga 400 million so‘m davlatga soliq to‘lamoqda.

Nishon tumanidagi “Nishon ko‘zgu” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi esa 100 nafarga yaqin ish o‘rni yaratib, yiliga 1 million 200 ming dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini amalga oshirgan holda, davlatga 120 million so‘m soliq to‘lamoqda.

Bugundan boshlab barcha mahalliy idoralar faoliyatining 50 foizi tadbirkorlik sohasi muammolarini hal qilishga qaratiladi. Bunda viloyatning 4 ta sektor rahbarlaridan boshlab, boshqaruvning barcha bo‘g‘inidagi rahbarlar tomonidan, har bir loyihangizni amalga oshirishda hududning ertangi kuni, aholi farovonligi, yangi ish joylarining kafolati nuqtai nazaridan yondashuv ta’minlanadi. Tadbirkorlar jamiyatda eng asosiy yetakchi kuch, iqtisodiyotimizni tayanch ustuni ekanligini inobatga olib hamda mahalliy davlat idoralari faoliyatiga baho berish maqsadida “Viloyatda hamda shahar va tumanlarda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar jamoatchilik kengashlari”ning tarkibi qayta ko‘rib chiqiladi, deya qayd etib o‘tdi viloyat hokimi.

Yuqoridagi, salbiy holatlardan xulosa qilgan holda tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish har bir tadbirkorning muammolarini tezkorlik bilan hal qilish va byurokratik holatga chek qo‘yish maqsadida endilikda chet el investitsiyasi ishtirokidagi va xorijiy korxonalar tashkil qilish loyihalari viloyat hokimining shaxsiy nazoratida bo‘ladi.

Shuningdek, yangi tashkil etilayotgan va faoliyatida muammolari mavjud bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlarining har bir loyihasini amalga oshirish uchun tuman shahar hokimlari shaxsan mas’ul bo‘ladi.

Tadbirkorlarning muammolari o‘z yechimini topmagan taqdirda viloyat hokimligining “qashqadaryo.uz” rasmiy saytiga va 75-221-01-28, 75-221-20-16 telefon raqamlariga murojaat qilishlari mumkin. Murojaatlari yuzasidan 3 kun muddatda viloyat hokimi tomonidan qabul qilinishi ta’minlanadi.

Har bir tadbirkorning mulkiy daxlsizligi kafolatlanadi, uning mulkini asossiz buzish, ko‘chirish yoki olib qo‘yish hollariga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu borada viloyat prokuraturasi tomonidan qonun ustuvorligi ta’minlanadi. Muammolarni qisqa fursatda bartaraf etish maqsadida, ikki kun muddatda har bir shahar va tumanning aholi gavjum bo‘lgan kamida 4 ta joyida hokim va sektor rahbarlarining 24 soat ishlaydigan telefon raqamlari yozib qo‘yiladi.

Bundan keyin sektor rahbarining nechta tadbirkor bilan uchrashgani va uning masalasini hal qilgani bo‘yicha monitoring yuritish natijasiga ko‘ra ularning faoliyatiga baho beriladi, dedi viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Zoir Mirzaev.