Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor
12:23 / 2021-01-10

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2020 yil 25 dekabr kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston yoshlari forumida yoshlarda ijobiy motivatsiya, biznes va tadbirkorlik sohasida zarur bilim va malakani shakllantirish kerakligini ta’kidladi. Shu orqali ularni tadbirkorlikka keng jalb etish va bandligini ta’minlash bo‘yicha “Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor” tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.

Mazkur tashabbus doirasida hududlarda ishsiz va uyushmagan yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitishni tashkil etish asosida 1 nafar tadbirkorga 1 nafardan ishsiz yoshlarni biriktirish orqali 2021 yilda qariyb 500 ming nafar yoshni ish bilan ta’minlash vazifasi belgilab berildi.

Ana shu maqsadda Toshkent viloyatida ham yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va ularni kasb-hunarga o‘qitishning yangi tizimi joriy etildi. Zangiota tumani va Chirchiq shahrida Davlat xizmatlari markazi, Savdo-sanoat palatasi, Yoshlar ishlar agentligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash tuman bo‘limi hamkorligida yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb etish va ularning bandligini ta’minlash borasida tashkil etilgan namunaviy o‘quv kurslari ish boshladi.

Tasdiqlangan rejaga asosan, o‘quv kurslariga “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar, kam ta’minlangan oilalarning farzandlari, qolaversa, tadbirkorlikka qiziqqan yoshlar jalb etildi. Ular yuqori tajribaga ega malakali pedagoglar, amaliyot o‘qituvchilari va ishlab chiqarish korxonalarining malakali mutaxassislari ko‘magida tadbirkorlik sohasiga oid bilim va ko‘nikmalarini oshirib boradi.

Shuningdek, Yoshlarga doir davlat siyosatini samarali amalga oshirish maqsadida ularning ijtimoiy muammolarini tizimli asosda o‘rganish, bu boradagi vazifalarni muvofiqlashtirish borasida ham amaliy ishlar olib borilishi ko‘zda tutilgan.

Tadbirkorlik va kasb-hunarga o‘qitish kurslarini tamomlagan bitiruvchilarga kasbiy malaka sertifikatlari berilib, hududdagi tegishli tadbirkorlik sub’ektlariga ishga joylashtiriladi.

O‘zA