Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har bir sudya halol bo‘lishi, kasbiga vijdonan yondashishi zarur
13:58 / 2025-05-15

Toshkent shahar sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlari faoliyatini o‘rganish natijalarini muhokama qilish maqsadida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy sud rayosatining 2024 yil 27 avgustdagi “Sudlarda odil sudlov samaradorligini oshirish, ishlarni tashkil etish faoliyatiga amaliy yordam ko‘rsatish hamda monitoring olib borish bo‘yicha kuratorlik (mintaqaviy mas’ullik)ni amalga oshirish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorining ijrosi ko‘rib chiqildi.  

Oliy sud raisining o‘rinbosari Olimjon Ismoilov boshqargan yig‘ilishda Prezidentimiz rahbarligida sud-huquq tizimini maqsadli isloh qilish amalga oshirilayotgani qayd etildi. Sud hokimiyatining haqiqiy mustaqilligini ta’minlash, sudyalarning ijtimoiy himoyasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Har bir sudya qonun va jamiyat oldidagi yuksak mas’uliyatini anglashi, halollik, rostgo‘ylik va kasbiga vijdonan yondashishi zarurligi ta’kidlandi.  

Oliy sud sudyasi D.Isroilova Toshkent shahar sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlari faoliyatida joriy yilning aprel oyida o‘tkazilgan keng qamrovli tekshirish natijalari, unda aniqlangan kamchiliklarga e’tibor qaratdi.  

Tumanlararo sudlar faoliyatida yo‘l qo‘yilgan bir qator protsessual xatoliklar, moddiy huquq normalarini talqin qilishdagi yanglishishlarga to‘xtalib, kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish va qonunchilikni qo‘llashda yagona yondashuvni ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Tadbir ishtirokchilari odil sudlov sifatini oshirish, sudyalar jamoasining intizomi va mas’uliyatini mustahkamlash, fuqarolik ishlarini yuritish amaliyotini takomillashtirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.

Yig‘ilishda sudlar faoliyati samaradorligini oshirish, sud amaliyotining bir xilligini ta’minlash, ochiqlik va shaffoflikni kuchaytirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish, bu esa jamiyatning sudga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashning muhim sharti ekanligi qayd etildi.

N.Abduraimova, O‘zA