Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 31-sessiyasi natijalari hamda boshlangan yangi yil rejalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Poytaxtda bu yil 30 milliard so‘m shaharni ko‘kalamzorlashtirishga, 50 milliard so‘m Toshkentning ijtimoiy rivojlanishiga sarflanadi.
Deputatlarning ta’kidlashicha, ajratilayotgan mablag‘larning maqsadli ishlatilishi nazorat qilinadi va shafoflik ta’minlanadi.
Ajratilayotgan mablag‘lar hisobidan davlat dasturida bo‘lgan, investitsiya loyihalariga kirgan ishlarni amalga oshirish man etiladi. Mablag‘lar asosan aholinining yig‘ilib qolgan muammolarini bartaraf etish, ularning ijtimoiy ahvolini yaxshilash maqsadida ishlatiladi. Mazkur mablag‘larning o‘rinli ishlatilishida aholining ishtiroki ham bevosita ta’minlanadi.
[gallery-867]
– Poytaxt hokimi tomonidan shahar Kengashi deputatlariga, tuman Kengashlari deputatlariga ma’lum maqsad yo‘lida mablag‘ ajratilishi mamlakatimiz tarixidagi ilk qadamdir. Bu, o‘z navbatida, jamoatchilik tomonidan katta qiziqish va muhokamalarga sabab bo‘layotganligi ham tabiiy hol, – deydi deputat Toshpo‘lat Matiboyev. – Byudjet mablag‘larining har bir so‘mi sarfi nazoratda turadi. Agar ajratilgan pul mablag‘lari belgilangan muddatda o‘z o‘rnida ishlatilmasa, byudjet hisobiga qaytariladi. Qachonki, aniq reja asosida rejalashtirilgan loyiha uchun ajratilgan mablag‘ boshlangan ish uchun sarflanadi.
Mahalla raislari uchun ham 50 dona “Spark” avtomashinasi ajratiladi.
– Mahallaga homiylik yordami deyarli ajratilmaydi, – deydi Toshkent shahri “Qorasuv” MFY raisi Naima Jabborova. – Ammo mahalla aholisining ijtimoiy ahvolini yaxshilash, ularga favqulodda holatlarda zarur yordam ko‘rsatish uchun mablag‘ga ega emas edik. Ajratilayotgan mablag‘larning maqsadli yo‘naltirilishida bevosita aholining ham ishtiroki ta’minlanadi. Yana bir narsani alohida aytib o‘tishni xohlardimki, mahallaga ajratilayotgan yordamdan shu mahallada istiqomat qiluvchi har bir aholi foydalanish imkoniyati bor. Bu kabi holatlarda murojaat etuvchidan Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risidagi hujjat talab qilinmaydi.
M.Toshqorayeva, O‘zA