Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Har bir soliq to‘lovchi uchun sifatli kadastr xizmatlari” tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
15:15 / 2020-12-24

Poytaxtimizda O‘zbekiston soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi «Ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish va kadastr tizimini modernizatsiya qilish” loyihasining «Mening Uyim» axborot kampaniyasi “Kadastr tizimi — yangi loyihalar, sifatli xizmatlar va barqaror natijalar sari” nomli anjuman o‘tkazdi.

Tadbirda Milliy geoaxborot portalining hamda Kadastr agentligining yangi imiji taqdimoti bo‘ldi. Shu qatorda ishtirokchilarga, kadastr tizimidagi xalqaro tajriba va xalqaro loyihalarning samaradorligi, Sardobadagi talafotlar xaritasining yaratilish jarayoni, kadastr tizimida fuqarolar murojaatlari bilan qanday ish olib borilayotgani, so‘nggi kunlarda Qashqadaryo viloyatida olib borilgan xatlov jarayoni natijalari kabi qiziqarli va dolzarb mavzulardagi taqdimotlar o‘tkazildi.

Agentlik direktori Halilillo To‘raxo‘jayevning “Kadastr agentligi yangilanish bosqichida: Sohadagi yangiliklar, dolzarb muammolar, agentlikning yangi imiji” mavzusidagi taqdimotida agentlikning yangi qiyofasi, sifatli va korrupsiyadan holi xizmatlar ko‘rsatishga yo‘naltirilgan loyihalar xususida so‘zlab berdi. Taqdimot doirasida soha vakillarining attestatsiya jarayoni va natijalari xususida ham ma’lumotlar berildi.

Kadastr agentligining amalga oshirayotgan yirik loyihalaridan biri, Davlat kadastrlari yagona tizimidan foydalanishni nazorat qilish hamda aholiga interaktiv xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan Milliy Geografik axborot tizimi portalini joriy etish bo‘ldi. Geoportal tizimi orqali xarita tuzish ishlarida inson omilini kamaytirish hamda yuqori aniqlikda ma’lumotlar olish uchun zamonaviy texnologiyalardan, ya’ni masofadan zondlash (Remote sensing), Global navigatsion sun’iy yo‘ldoshlar tizimlaridan (GNSS) foydalanib, mavjud ma’lumotlarga solishtirish orqali Davlat kadastrlari yagona tizimi (DKYAT) birlamchi ma’lumotlari tahlil qilish va prognozlash ishlari, eng asosiysi, davlat kadastrlari yagona tizimini yuritishni avtomatlashtirishdan iborat. Geoaxborot tizimi portali www.geoportal.uz sahifasida namoyish etildi va unda jamlangan axborot, qo‘llash maqsadlari haqida ma’lumotlar berildi.

Yaqin kunlarda 17-24 dekabr kunlari Qashqadaryo viloyatida olib borilgan xatlov natijalari ham Geoportaldan o‘z aksini topadi.

– Qashqadaryo viloyatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan 533 569 mingta bino-inshoot, 2 573,5 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlari xatlovdan o‘tkazilib, barchasiga kadastr yig‘ma jildlari shakllantirildi, – deydi Davlat kadastrlar palatasi raisi Mohir Valiyev. – Xalqaro loyihalardan ko‘zlangan asosiy maqsad - yer boshqaruvining axborotlashi va bu mulk huquqlarini himoya qilishning samarali usulidir. Axborotlashtirish va raqamlashtirish orqali davlat shaffoflik, jamoatga hisobdorlik, qonun ustuvorligi, adolatli bo‘lish, jamiyatning davlat sektorini boshqarishdagi ishtiroki va samaradorligi kabi tamoyillarni qo‘llab-quvvatlashga erishiladi.

Anjumanda “Har bir soliq to‘lovchi uchun sifatli kadastr xizmatlari” mavzusidagi jurnalist va blogerlar orasida bo‘lib o‘tgan tanlov natijalari e’lon qilindi. Unda yil davomida kadastr sohasidagi muammolar, jamoatchilik fikri va yangi loyihalar borasida OAV da materiallar yoritgan, tanlovda ishtirok etishga qiziqish bildirgan jurnalistlar orasidan oltita nominatsiya sovrindorlari taqdirlandi.

Qayd etish kerakki, Jahon Banki qo‘llab-quvvatlayotgan «Ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish va kadastr tizimini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish uchun Jahon banki O‘zbekistonga 20 million dollar miqdorida kredit ajratgan. Loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad — mamlakat elektron hukumat tuzilmasi va xizmatlari tarkibiga kiruvchi ko‘chmas mulkni ro‘yxatdan o‘tkazish va kadastr tizimini yaxshilash hamda undan foydalanish samaradorligini oshirishdan iboratdir. Loyiha O‘zbekiston Soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi tarkibida yagona ko‘chmas mulk elektron reyestri va kadastrni yaratishga yo‘naltirilgan.

O‘zA