English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har bir shaxsning dam olish huquqi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida kafolatlangan
16:50 / 2022-12-07

O‘zbekiston Respublikasida inson, uning huquq va erkinliklari eng oliy qadriyat, «inson manfaati har narsadan ulug‘», degan insonparvar g‘oyaning jamiyatda keng qaror topdirilishi yangicha insoniy va ijtimoiy munosabatlarning yuzaga kelishiga, voqea-hodisalarga yangicha yondashuvlarga sabab bo‘ldi.

Mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan qonunchilik tizimi barpo etildi, fuqarolarning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini himoya qilishning xalqaro demokratik standartlarga mos keluvchi huquqiy asoslari yaratildi, jamiyatimizda erkinlashtirish, huquqlar kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan huquqiy islohotlar amalga oshirildi. 

O‘zbekistonda aholi bandligi darajasini oshirish, fuqarolarni ish va tirikchilik manbai bilan ta’minlash, baxtli hayot kechirishlari uchun zarur shart-sharoit yaratib berish ustuvor vazifaga aylandi. Xususan, «Aholi bandligi to‘g‘risida»gi, «Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi, «Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida»gi, «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi, «Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi qonunlarning qabul qilinishi, majburiy mehnat va bolalar mehnatining to‘liq bartaraf etilishi yurtimizda olib borilayotgan siyosatning xalqaro miqyosdagi yuksak e’tirofidan dalolatdir.  

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 38-moddasiga muvofiq, yollanib ishlayotgan barcha fuqarolar dam olish huquqiga egadirlar. Dam olishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquq mehnat munosabatlari sohasida amalga oshadi, unga to‘sqinlik qilish mehnat huquqi normalarini buzish hisoblanadi. 

Sud amaliyoti hali mehnat ta’tilidan foydalanish sohasida huquqbuzishlar kamaymaganligini va ayrim normalarni qo‘llashda noaniqliklar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Xususan, Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan 2021 yilda o‘tkazilgan tekshirishlar va o‘rganishlarda 52 ming 530 ta mehnat va mehnatni muhofaza qilish qonuni talablari buzilganligi aniqlangan. Shundan mehnat ta’tillari bo‘yicha qonun talablari buzilganligi 4,89 foizni yoki 2 ming 568 tani tashkil qilgan.

Yuqoridagi tahlillarga ko‘ra, bozor talablari va tamoyillarining ijtimoiy hayotimizga tobora chuqurroq singib borayotgani, iqtisodiyotda xususiylashtirish rolining ortishi, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning iqtisodiy erkinligini ta’minlash, shartnomaviylikning kengayishi mehnat munosabatlarini huquqiy tartibga solishda yangi modellarni ishlab chiqishni taqozo qilmoqda. 

Ta’kidlash lozimki, ushbu choralar dam olish vaqtini huquqiy tartibga solishga ham to‘la taalluqlidir. Shunga ko‘ra, taraqqiyotimiz sur’atlari kerakli darajada bo‘lishini ta’minlash uchun o‘zgartirish va yangilash jarayonlarini uzluksiz davom ettirish, oldimizda paydo bo‘layotgan muammo va vazifalarni o‘z vaqtida hal etishimiz, Yangi O‘zbekistonga hamda uning taraqqiyotiga javob beradigan yangi qoidalarni islohotlarimiz mantig‘iga moslashtirish kerakligi muhim vazifaga aylanganligidan dalolat bermoqda.  

Dam olish huquqi insonning tabiiy va ajralmas huquqi sifatida ko‘plab xalqaro standartlarda o‘z aksini topgan. O‘zbekiston shu kunga qadar Xalqaro mehnat tashkilotining 19 ta konvensiyasi, xususan, barcha 8 ta asos soluvchi konvensiyalarini ratifikatsiya qilgan. Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkilotining bir qator konvensiyalarida mustahkamlanganligini e’tiborga olgan holda, har bir shaxsning dam olish huquqiga ega ekanligi, dam olish va bayram kunlarining kafolatlanishi masalalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham o‘z aksini topgan.  

Eng muhimi, inson, uning huquq va manfaatlari har narsadan ulug‘ ekanligi haqidagi g‘oyalarimizga asoslangan.   

A.Usmonova,  

O‘zbekiston Respublikasi  

Jamoat xavfsizligi universiteti professori,  

yuridik fanlar doktori   

O‘zA