Farg‘ona viloyatining har bir tuman va shaharlarida IT parklar ochilyapti. Bu an’ana Marg‘ilon shahri, keyin Toshloq tumanida boshlangan edi. Mana endi Beshariqdan tortib Quvagacha yoshlarga aqliy rivojlanishning eng muhim omil va sharoitlari yaratildi. Mazkur markazlar hududda raqamli infratuzilmani mustahkamlash, yoshlarning zamonaviy kasblarga bo‘lgan qiziqishini oshirish va innovatsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.

Navbatdagi tantana Qo‘shtepa tumanida bo‘lib o‘tdi: axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirishga qaratilgan muhim loyiha – IT park ochildi. Unda so‘zga chiqqanlar bugungi kunda IT sohasi nafaqat zamon talabi, balki iqtisodiy taraqqiyotning asosiy drayverlaridan biri hisoblanishi, yangi markaz esa tuman yoshlariga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish va ilg‘or texnologiyalarni o‘rganish uchun mustahkam zamin yaratishini ta’kidlashdi.

Qo‘shtepa tumanidagi IT park markazida dasturlash, veb-ishlab chiqish, grafik dizayn, robototexnika kabi yo‘nalishlarda ta’lim olish uchun zamonaviy jihozlangan xonalar tashkil etilgan. Shuningdek, startap loyihalarni shakllantirish va amaliyotga tatbiq etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan.

Muhammadjon Obidov, O‘zA