O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 12 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida to‘siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va uni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, mamlakatda inklyuziv muhitni shakllantirish hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun teng imkoniyatlar yaratish maqsadida Buxoro viloyati hududida joylashgan mehmonxonalarda to‘siqsiz muhit holati kompleks tarzda o‘rganildi.
Viloyat turizm boshqarmasi hamda Respublika sertifikatlashtirish markazining mas’ul xodimlari tomonidan Buxoro shahri va Kogon tumanidagi 50 dan ortiq mehmonxonada o‘tkazilgan o‘rganishda mehmonxonalarning umumiy infratuzilmasi, kirish-chiqish joylari, panduslar, qo‘l tutqichlar (perilalar), lift tizimlari, yo‘laklar kengligi, qavatlar orasidagi harakatlanish imkoniyatlari, shuningdek, sanitariya-gigiyena xonalari va xizmat ko‘rsatish nuqtalarining nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashtirilganlik darajasi har tomonlama tahlil qilindi.

Shuningdek, mehmonxonalarda axborot-ma’lumot berish tizimlari, navigatsiya belgilarining ko‘rinishi, ko‘zi ojiz va eshitish imkoniyati cheklangan shaxslar uchun yaratilgan qulayliklar, xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning inklyuziv xizmat ko‘rsatish madaniyati ham o‘rganildi.
O‘rganishlar natijasida deyarli barcha mehmonxonalarda nogironligi bo‘lgan fuqarolarning erkin harakatlanishi, xavfsiz va qulay tarzda joylashishi hamda xizmatlardan bemalol foydalanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgani aniqlandi. Mehmonxonalarning aksariyatida doimiy panduslar, maxsus jihozlangan xonalar, keng eshik o‘tish joylari, qulay liftlar hamda moslashtirilgan sanitariya xonalari mavjudligi qayd etildi.

Biroq ayrim mehmonxonalarda pandus va tutqichlar (perilalar)ning ko‘chma holatda o‘rnatilgani, ba’zi jihozlar standart talablarga to‘liq javob bermasligi aniqlanib, bu holatlar infratuzilmaning barqarorligi va xavfsizligi nuqtai nazaridan kamchilik sifatida baholandi. Ushbu holatlar yuzasidan mas’ul tashkilotlar tomonidan tegishli ko‘rsatmalar berildi, aniq tavsiyalar ishlab chiqildi, amaliy chora-tadbirlar rejalari shakllantirildi hamda har bir ob’ekt bo‘yicha rasmiy dalolatnomalar rasmiylashtirildi.

Mutasaddilar tomonidan belgilangan kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish, infratuzilmani doimiy va barqaror standartlar asosida qayta jihozlash, xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.
Ta’kidlash joizki, bu kabi tizimli o‘rganishlar va monitoring ishlari hududda inklyuziv turizm infratuzilmasini rivojlantirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning turizm xizmatlaridan to‘laqonli foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, ularning jamiyat hayotida faol ishtirokini ta’minlashga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri