Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har bir saylovchi – e’tiborda
16:32 / 2019-09-27

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi bilan O‘zbekiston nogironlar jamiyati, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati va O‘zbekiston karlar jamiyati o‘rtasida kelishuvlar imzolandi.


Saylov – 2019

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi bilan O‘zbekiston nogironlar jamiyati, O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati va O‘zbekiston karlar jamiyati o‘rtasida kelishuvlar imzolandi.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga shu yil 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlar jarayonida nogironligi bo‘lgan shaxslarni birlashtirgan jamiyatlar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirishdan iborat.

Mamlakatimizda barcha fuqarolarning, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylov huquqlarini ta’minlashning huquqiy-tashkiliy asoslari va samarali mexanizmlari umume’tirof etilgan xalqaro norma va standartlar asosida shakllantirilgan.

Bu joriy yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksida ham mustahkamlangan. Saylov kodeksida nogironligi bo‘lgan fuqarolar o‘zining barcha konstitutsiyaviy huquqlari, jumladan, saylov huquqini boshqa fuqarolar bilan teng va erkin amalga oshirishi uchun zarur sharoit hamda imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilgan.

Bitimlarni imzolashga bag‘ishlangan tadbirda ta’kidlanganidek, Markaziy saylov komissiyasi saylovlarga tayyorgarlik jarayonida nogironligi bo‘lgan fuqarolarning alohida ehtiyojlariga hamisha jiddiy e’tibor qaratib keladi.

Ayni paytda saylov uchastkalari binosini va ovoz berish xonalarini tanlash va jihozlash, xususan, nogironligi bo‘lgan saylovchilarning ovoz berish joyiga kelib-ketishi, binoga kirib-chiqishi, bino ichida harakatlanishi, erkin va to‘siqlarsiz ovoz berishi uchun har tomonlama qulay sharoitlar yaratish ishlari olib borilmoqda.

Shu bilan birga, ovoz berish xonalariga olib boruvchi ko‘rsatkichlar ko‘rinarli joyga o‘rnatilishi, uchastka saylov komissiyasi binosida saylov kuni malakali tibbiyot xodimlarining navbatchiligi tashkil etilishiga ham e’tibor qaratiladi.

Deputatlikka nomzodi ko‘rsatilgan ijtimoiy faol nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘z saylovoldi dasturini tuzishi va uni saylovchilar o‘rtasida targ‘ib qilishida har tomonlama ko‘maklashiladi.

Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi bilan mazkur jamiyatlar o‘rtasida imzolangan kelishuvlar nogironligi bo‘lgan saylovchilarning saylov huquqlarini samarali ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.