Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi davlat boshqaruvida yangi davrni boshlab berdi.
– Murojaatnoma iqtisodiy va ijtimoiy sohalar bilan birga davlat xizmati, qonun ustuvorligi hamda inson qadrini ta’minlashga qaratilgan muhim islohotlarning yo‘nalishlarini belgiladi, – dedi Boshqaruv samaradorligi agentligi axborot xizmati rahbari, yuridik fanlar doktori Sevara Zokirova. – Asosiy maqsad esa aniq – davlatni insonga yanada yaqin qilish.
Prezidentimiz ta’kidlaganidek, davlat xalqqa xizmat qilgandagina adolat va barqarorlik bo‘ladi. Bu fikr islohotlar markazida inson turganini ko‘rsatadi.
Shuning uchun ham davlat faoliyatida fuqarolarning ishonchi va ishtirokini kuchaytirish, qaror qabul qilish jarayonlarida jamoatchilik nazoratini ta’minlash bugun ustuvor vazifaga aylanmoqda.
Murojaatnomada islohotlar natijasi har bir inson hayotida sezilishi kerakligi alohida qayd etildi. Ya’ni, o‘zgarishlar faqat hujjatlarda emas, odamlarning turmushida aks etishi shart. Davlat organlari qanday qaror qabul qilayapti, qanday ishlayapti – bular fuqarolar uchun ochiq va tushunarli bo‘lishi lozim.
Bu tamoyil Konstitutsiyada ham mustahkamlangan. Har kim axborot izlash, olish va tarqatish huquqiga ega. Demak, fuqaro endi faqat tomoshabin emas, balki davlat boshqaruvining to‘laqonli ishtirokchisi hisoblanadi.
Shu bois, davlat idoralari faqat axborot beribgina qolmasdan, qarorlarni ishlab chiqish va ijrosiga jamoatchilikni jalb etishi kerak. Axborot xizmatlari ana shu ochiq muloqot maydonini yaratib, davlat bilan jamiyat o‘rtasidagi ishonch ko‘prigiga aylanishi shart.
Prezident barcha sohada halollik, hisobdorlik va shaffoflikni hayot me’yoriga aylantirish kerakligini ta’kidladi. Bu korrupsiyaga qarshi kurashda eng kuchli kafolat hisoblanadi va “halol davlat xizmati”ni shakllantirishga xizmat qiladi.
Jamoatchilik nazorati ham davlat ochiqligining asosiy tayanchi sifatida ko‘rsatildi. “Har bir rahbar faoliyati ustidan xalq nazorati bo‘lishi kerak”, degan fikr ochiq jamiyat va javobgar davlat g‘oyasining amaldagi ifodasidir.
So‘nggi yillarda davlat organlari ochiqligi reytingi joriy etildi, axborot xizmatlari faoliyati kuchaytirildi.
Raqamli boshqaruvga ham alohida e’tibor qaratildi. Elektron hujjatlar, onlayn murojaatlar va interaktiv hisobotlar davlat faoliyatini fuqarolar uchun yanada ochiq hamda shaffof qilmoqda.
Albatta, bunda shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va axborot xavfsizligi masalalari ham ustuvor ahamiyatga ega.
Xulosa qilib aytganda, Prezident Murojaatnomasi davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni yangi bosqichga olib chiqdi. “Xalq davlatga emas, davlat xalqqa xizmat qilishi kerak” degan g‘oya Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining asosiy mezoniga aylandi.
Endi har bir islohotning haqiqiy bahosi – uning xalq ongi va hayotida qanchalik aks etayotgani bilan o‘lchanadi. Shu bois, ochiqlikni ta’minlash faqat vazifamiz emas, balki kasbiy burchga aylandi.
N.Abduraimova, O‘zA