Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har bir quduq qurilishidan 10 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ tejab qolinmoqda
16:17 / 2024-05-10

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati rahbari Mo‘min Ibodov bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda xorijiy usullarni tatbiq etish orqali gaz quduqlarni burg‘ilash muddatini qisqartirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar amaliy natijalar berayotganini qayd etdi.

Xususan, Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJda xorijiy hamkorlar bilan birgalikda mamlakatda ilk bor Burg‘ilash ishlarini boshqarish markazi tashkil etilgan. Bu jarayonda jamiyatga qarashli 20 dan ortiq burg‘ilash dastgohi raqamlashtirilgan.

–Bugungi kunda bu ishlar barchasi malakali mutaxassislar tomonidan onlayn tahlil qilib borilmoqda. Markazlashgan tashkiliy-raqamli boshqaruvni yaratish “O‘zbekneftgaz” AJga qazib chiqarish uchun sarflanadigan vaqtni, xususan, quduqlarni burg‘ilash muddatini 30 foizdan ziyod qisqartirish imkonini bermoqda. Mazkur tashkilot mutaxassislari xorij tajribasini o‘rganib, gaz quduqlari burg‘ilash jarayonlarini nazorat qilishni raqamlashtirgani, sohada takomillashtirilgan uskunalarni qo‘llashi natijasida burg‘ilash muddatlari qisqarib bormoqda. Qayd etish lozimki, shu paytga qadar 4,5 ming metr bo‘lgan bitta gaz qudug‘ini burg‘ilashga o‘rtacha 180-185 kun sarflangan bo‘lsa, xorij tajribasini qo‘llash va soha fidoyilarining zahmati bilan ushbu muddat 65 kungacha qisqartirilmoqda. Burg‘ilash ishlarining erta yakunlanishi hisobiga har-bir quduq qurilishidan 10 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ tejab qolinmoqda, –dedi M.Ibodov.

Tadbirda erishilgan bu kabi natijalar tufayli kelgusida ham jamiyatga qarashli barcha yangi quduqlarni burg‘ilashda bosqichma-bosqich yangi innovatsion usullar qo‘llanilishi ko‘zda tutilayotgani ta’kidlandi.

N. Ziyodullayeva, O‘zA