Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Jizzax viloyati bo‘yicha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan 915 holatda 722,1 gektar yer maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olingan.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida yerga oid qonun hujjatlari ijrosi yuzasidan joylarda viloyat yer va kadastr nazoratchilari tomonidan aniqlangan qonunbuzarlik holatlari va ularni bartaraf etish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

– Qonunga xilof xatti-harakatlarning 215 ta holatida fuqarolar tomonidan noturar joylar, 497 tasida yashash uchun uy-joy qurib olinganligi qayd etilgan, – deydi Kadastr agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig‘i N.Sidiqov. – Ushbu holatlar yuzasidan fuqarolar bilan tushuntirish ishlari olib borilishi natijasida 566 ta noqonuniy egallangan yer ixtiyoriy ravishda qaytarildi. 75 ta holat yuzasidan qurilgan imoratlarni majburiy tartibda buzdirish uchun fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritildi. 9 ta holatda jinoyat alomatlari mavjud bo‘lganligi sababli hujjatlar hududiy prokuratura organlariga taqdim etildi.

A.Qayumov, O‘zA muxbiri