FOTOREPORTAJ
Termizda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti hamkorligida “Iqtidorli yoshlar – mamlakat mudofaasi tayanchi” mavzusida ma’rifiy targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetining Janubiy operativ qo‘mondonlik fakulteti professor-o‘qituvchilari, umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan “Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik” fani o‘qituvchilari hamda 10-11-sinf o‘quvchilari ishtirok etdi.
Dastavval harbiy oliy ta’lim muassasalarining kundalik faoliyati, ta’lim jarayonlari, zamonaviy infratuzilmalari va harbiy xizmatda qo‘llanilayotgan ilg‘or texnologiyalarni o‘z ichiga olgan videoroliklar namoyish etildi. Ushbu lavhalar o‘quvchilarda harbiy hayot tarziga, xizmat intizomi va kasbiy tayyorgarlik jarayonlariga nisbatan real tasavvur hosil qilishga xizmat qildi.
Ishtirokchilarga harbiy ta’lim muassasasi vakillari tomonidan soha bo‘yicha atroflicha ma’lumot berildi. Jumladan, qabul jarayonining huquqiy-me’yoriy asoslari, ta’lim yo‘nalishlari, kursantlarga yaratilayotgan sharoitlar, ilmiy va jismoniy tayyorgarlik tizimi hamda bitiruvchilarga taqdim etiladigan imtiyozlar xususida batafsil tushunchalar berildi.
[gallery-25689]
Tadbir doirasida tashkil etilgan ochiq muloqotda o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bo‘yicha harbiy ustozlardan asosli va aniq javoblar oldi.
Yakunda harbiy orkestr tomonidan ijro etilgan Vatanga muhabbat, mardlik va jasorat g‘oyalarini tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar barchada ko‘tarinki kayfiyat va yuksak vatanparvarlik tuyg‘ularini uyg‘otdi.
Mazkur turdagi ma’rifiy uchrashuvlar viloyatning boshqa shahar va tumanlarida ham tizimli ravishda tashkil etiladi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA