Prezidentimiz Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida Surxondaryo iqlimida yerlardan 3 martagacha hosil olish mumkinligi, aholiga ko‘maklashib, daromad manbai yaratish zarurligini alohida ta’kidlagan edi. Uchrashuv davomida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi vakillari sektor rahbarlari bilan Muzrabod tumanidagi xonadonlarda bo‘lib, aholini tomorqalardan foydalanish holatini o‘rgandi.
O‘rganishlar jarayonida tumanning "Yurtim jamoli" mahallasidagi N.Hayitaliyev xonadonida limon daraxti oralari bo‘sh turganligi aniqlandi. Ushbu xonadonda bo‘lgan uchrashuvda mahalla raislariga har qarich yerdan unumli foydalanish, aholi daromad manbaini oshirish borasida tushuntirishlar va tegishli tavsiyalar berildi. Mazkur tomorqaning bo‘sh turgan qismi tezda ekin ekish uchun tayyorlanib, pomidor, tok ko‘chatlari ekildi.

Ishchi guruhi tumanning "Yangi hayot" mahallasida yashovchi, 20 sotix maydondan unumli foydalanib, yiliga 100 million so‘mdan ortiq daromad olayotgan Sh. Amonqulov xonadonida ham bo‘ldi.
– Yeng shimarib, aql bilan ish yuritish, bebaho boylik sanalgan tomorqadan unumli foydalanish lozim, – deydi Shomuhammad aka.–Hozir “Olma pish, og‘zimga tush” qabilida kun kechiradigan payt emas. Bir parcha yerimiz bo‘lsa ham, unga ko‘proq foyda keltiradigan, mo‘l va xaridorgir hosil beradigan ekin ekish zarur. Biz ham yiliga 2-3 marta hosil olish choralarini ko‘ryapmiz. Dehqonchilikdan tashqari chorvachilik hamda parrandachilikni ham yo‘lga qo‘yganmiz.

Ishchi guruhi bahor mavsumi o‘ta tig‘iz payt ekanligi, nihol qadash, urug‘ sepish ishlariga uzog‘i bilan o‘ttiz kun ichida ulgurish kerakligi borasida alohida tushuntirish berildi.
Qayd etish kerakki, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hajmini barqaror oshirish hamda yer maydonlaridan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida aholi ixtiyoridagi tomorqalarda yiliga uch marta hosil olishni ta’minlash choralarini ko‘rmoqda
O‘zA