O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida tojik tiliga davlat maqomi berilgan kunga bag‘ishlangan “Til – millat ko‘zgusi” va “So‘z ifori” loyihasi doirasida nashr etilgan kitoblar taqdimotiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda yurtimizda o‘zbek va tojik tillarida ijod qilayotgan yozuvchilar, diplomatik korpus vakillari, o‘qituvchilar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda o‘zbeklar bilan umumiy etnik ildizga ega 1,5 milliondan ortiq tojiklar yashaydi. Mamlakatimizdagi 255 tojik maktabida tojik tilida ta’lim beriladi. Ikki xalqning madaniyati, turmush tarzi, urf-odatlari va xalq san’ati juda yaqin. Ayrim hollarda esa, ularni umuman ajratib bo‘lmaydi. Ikkala xalqning ibtidoiy, qadimgi va aksariyat hollarda o‘rta asrlarga oid tarixi o‘zaro chambarchas bog‘liqdir.
Tadbirda tilshunos olimlar tojik tilining boy imkoniyatlari hamda har bir millatning, xalqning o‘tgan kuni, buguni va kelajagini, uning mavjudligini birgina omil – ona tili bildirib turishi haqida so‘z yuritdi.
– Har bir davlatning, har bir millatning asosiy ko‘zgusi – bu uning ona tilidir, – dedi Respublika tojik milliy madaniy markazi raisi o‘rinbosari Gulandom Subhonova. – Millatlarning tili orqali biz ularning madaniyati, tarixi, urf-odatlari, yashash sharoitlarini bilib olamiz. O‘zbekistonda tojik tili bayramining nishonlanishi katta ahamiyatga ega. Qardoshlik, birodarlik, bag‘rikenglik mamlakatimiz xalqining ongi-shuuriga singib ketgan. Tojik millatiga mansub fuqarolarimiz uchun ham katta sharoitlar yaratilgan. Xususan maktablar, o‘quvchilar uchun darslik kitoblari, qolaversa, Samarqand va Buxoroda oliy o‘quv yurtlarida tojik filologiyalarining mavjudligi, ulug‘ ajdodlar, ulamolar hayotiga bag‘ishlangan tadbirlarning o‘tkazilishi O‘zbekistonda barcha millatlar qatori tojik millati vakillari uchun ham keng e’tibor ko‘rsatilayotganini bildiradi.
– O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan barcha tojikzabon birodarlarimizni bayram bilan samimiy tabriklayman, – dedi Tojikistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda. – Tojik tili – she’riyat va do‘stlik tili. Bugungi kunda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan islohotlar qo‘shni davlatlar xalqlarining do‘stona aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bunday bayramlar O‘zbekistonda yashayotgan barcha tojik fuqarolari uchun katta baxt va iftixordir.
Tadbirda tojik va o‘zbek tillarida she’rlar o‘qildi, san’atkorlar ijrosidagi kuy va qo‘shiqlar kechaga bayramona kayfiyat baxsh etdi.
N.Usmonova,
O‘zA