English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har bir mahbus tanlov huquqiga ega bo‘lishi kerak (mi)?!
19:50 / 2022-10-29

Jinoyat ko‘chasiga kirgan va ayni paytda sud tomonidan tayinlangan qamoq jazosini o‘tayotgan shaxslar ham avvalo inson. Binobarin, ularning ham o‘ziga yarasha huquqlari bor. Shunday huquqlardan biri, bu saylovda qatnashish huquqidir.

bugungi kunda 173 ta davlat 1966 yil 16 dekabrda Nyu-York shahrida qabul qilingan «Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risida»gi xalqaro paktda ishtirokchi hisoblanadi. Mazkur davlatlar qatorida 1995 yildan boshlab O‘zbekiston ham bor.

Ushbu Xalqaro paktning 2-moddasida yozilishicha, har bir ishtirokchi davlat o‘z hududida turgan va o‘z yurisdiksiyasi ostida bo‘lgan barcha shaxslarning ushbu paktda e’tirof etilgan huquqlarini hech bir ayirmachiliksiz, jumladan, irqi, tana rangi, jinsi, tili, dini, siyosiy yoki boshqa e’tiqodidan, milliy yoki ijtimoiy kelib chiqishi, mulkiy ahvoli, tug‘ilishi yoki o‘zga holatidan qat’i nazar, hurmat qilish va ta’minlash majburiyatini oladi.

Bundan tashqari, paktning 25-moddasida har bir fuqaro yalpi teng saylov huquqi asosida, yashirin ovoz berish orqali o‘tkaziladigan va saylovchilarning erkin xohish-irodasini ta’minlaydigan chinakam davriy saylovlarda ovoz berish va saylanish huquqiga ega ekanligi belgilangan.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi davlatlarning ushbu xalqaro paktga rioya etishini nazorat qilib, mahbuslarga ovoz berishni taqiqlaydigan davlatlarni tanqid qilib keladi.

MUAMMO NIMADA?

Shu kunga qadar Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi Saylovni kuzatish missiyasi tomonidan O‘zbekistonda o‘tkazilgan har bir saylov yakuni bo‘yicha tayyorlangan hisobotlarda mahkumlarning saylov huquqi ta’minlanmaganini qayd etib kelingan.

Xususan, 2016 yil 4 dekabr kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha ushbu tashkilot vakillarining yakuniy hisobotida shunday deyilgan edi:

«Muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar yoki ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar, qilgan jinoyati og‘irligidan qat’i nazar, Prezident saylovida qatnashmaydilar. Aqli zaiflik yoki hukm etilganlik tufayli saylash huquqiga cheklovlar o‘rnatish YeXHT majburiyatlari va boshqa xalqaro standartlarga to‘g‘ri kelmaydi”.

Haqiqatdan ham o‘sha vaqtlarda sudlar tomonidan muomalaga layoqatsiz, deb topilgan fuqarolar va sodir etgan qilmishining og‘ir yoki yengilligidan qat’i nazar, qamoqda jazo o‘tayotgan barcha shaxslar saylovlarda ishtirok etish huquqidan mahrum etilgandi.

Shundan so‘ng, 2019 yil 4 sentyabrdagi O‘zbekiston Respublikasi  qonun bilan Konstitutsiyamizning 117-moddasiga o‘zgartirish kiritilib, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, shuningdek, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmasligi, boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi qoida kiritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga asosan jinoyatlar o‘z xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasiga ko‘ra: ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarga bo‘linadi. Og‘ir jinoyatlarga qasddan sodir etilib, qonunda besh yildan ortiq, lekin o‘n yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi. O‘ta og‘ir jinoyatlarga qasddan sodir etilib, qonunda o‘n yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish yoxud umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi (Jinoyat kodeksi 15-modda).

2021 yil 24 oktyabr kuni O‘zbekistonda navbatdagi prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. Har doimgidek butun dunyodan kuzatuvchilar yetib keldi. YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi Saylovni kuzatish missiyasi saylov jarayonlariga nisbatan bergan hisobotida mahbuslarning saylov huquqlari ta’minlanmaganligini bu safar ham tanqid qildi. Jumladan, kuzatuvchilarning oraliq hisobotida shunday deyilgan edi:

«Og‘ir jinoyatlar uchun qamoq jazosini o‘tayotgan mahbuslar, shuningdek sud tomonidan, jumladan,  aqliy va ruhiy sabablarga ko‘ra layoqatsiz deb topilgan fuqarolar ovoz berish huquqiga ega emasligi demokratik saylovga tegishli xalqaro standartlarga zid”.

NIMA QILISH KERAK?

Bizningcha, qonunchilarimiz mahkumlarning saylovlarda ovoz berish masalasini yana bir marta kun tartibiga olib chiqishi kerak. Mahbuslarning siyosiy huquqlarini cheklash borasidagi amaldagi tartiblarni biroz o‘zgartirish, ya’ni mahbuslarning saylov huquqlarini cheklash – tayinlangan jazo muddatidan kelib chiqib emas, sodir etilgan aniq jinoyatlar toifalarini belgilash orqali amalga oshirish lozim.

Masalan, amaldagi tartib bo‘yicha transport vositasini olib qochgan shaxs besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin (JK 267-modda). Basharti ish holatlaridan kelib chiqib sudya ushbu jinoyatchiga 6 yilga ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida hukm chiqarsa, bu mahkum toki jazoni o‘tab chiqmaguncha birorta saylovda qatnasha olmaydi. Agar mantiqqa murojaat qiladigan bo‘lsak, ushbu jinoyatchining qilmishi davlat boshqaruviga, konstitutsiyaviy tuzum asoslariga va demokratik tartiblarga qarshi qaratilmaganligini, qilmishi uchun jazosini o‘tashi uning kelajagi uchun tanlov qilish huquqidan mahrum etmasligi kerakligi ayon bo‘ladi.

Bizningcha, mahbuslarning saylov huquqi masalasida tinchlik va insoniyat xavfsizligiga qarshi jinoyatlar hamda O‘zbekiston Respublikasiga qarshi jinoyatlar kabi siyosiy motivlar bilan bog‘langan jinoyatlarni sodir etgan mahbuslardan boshqa barchaga saylov huquqi berilishi lozim.

"VELOSIPEDNI QAYTADAN IXTIRO QILISH" SHART EMAS!

Xorijiy davlatlardan 18 tasida mahkumlarning saylovda ovoz berish huquqi umuman cheklanmagan. Ular qatorida Albaniya, Daniya, Finlyandiya, Shveysariya, Shvetsiya, Xorvatiya, Kanada, Avstriya, Isroil, Ispaniya, Latviya, Litva, Ukraina, Chexiya Respublikasi va Serbiya kabilar bor.

Shu bilan birga, Germaniya, Fransiya, Italiya, AQSH, Islandiya, Portugaliya va Polsha davlatlarida ayrim turdagi jinoyatni sodir etgan shaxslar uchungina saylovlarda ovoz berish huquqi cheklangan.  

Xususan:

Germaniyada tinchlikka qarshi, davlatga qarshi, milliy xavfsizlikka tahdid soluvchi jinoyatlar, konstitutsiyaviy huquqbuzarliklarni sodir etgan mahkumlar ikki yildan besh yilgacha Bundestag saylovlarida ishtirok etishdan chetlashtiriladi.

Norvegiyada davlatga yoki demokratik qadriyatlarga qarshi jinoyat sodir etgan mahkumlardan boshqa barcha fuqarolarning saylov huquqi kafolatlangan.

Portugaliyada davlatga yoki demokratik tartiblarga qarshi qaratilgan jinoyat sodir etgan mahbuslarning saylov huquqi cheklanib, boshqa holatlarda saylov huquqini cheklash maqsadga muvofiq yoki muvofiq emasligini faqatgina sud hal qiladi.

Mahbuslarning saylov huquqi cheklansa, ular o‘zlari saylamagan deputatlar tomonidan qabul qilinadigan qonunlarga bo‘ysunishi, o‘zlari saylamagan prezident tomonidan olib borilayotgan siyosatni o‘z tanalarida his qilishlariga to‘g‘ri keladi.

Ushbu masalaga har bir mahbusning avvalo inson va fuqaro ekanligi, har bir fuqaroga esa siyosiy tanlov imkoniyati berilishi kerakligi, qolaversa mahbuslarga bildirilgan «siyosiy ishonch» ularda qonunlarga nisbatan hurmat hissini uyg‘otishi, jamiyatdagi mavjud tartiblarga amal qilishda rag‘bat uyg‘otishi nuqtai nazaridan qaralsa, qay darajada ahamiyatli ekanligi yanada oydinlashadi.

 

Bektursun Murodqosimov, 

Adliya vazirligi huzuridagi

Huquqiy siyosat tadqiqot instituti

mas’ul xodimi