English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har bir mahallaning o‘z imkoniyat va an’analariga alohida e’tibor qilinsa...
11:39 / 2024-02-18

Prezident tashrifidan so‘ng...

Odam o‘zini baxtli his etishi uchun nimalarga ega bo‘lishi kerak? Bu savolga har kim o‘zidan kelib chiqib turlicha javob beradi.  

Hayotda qiyinchilik, turli tashvishlar bo‘lishi tabiiyligini ta’kidlaydi xonobodliklar. Muhimi, har qanday vaziyatda ortimizda bizni qo‘llab-quvvatlovchi, muammoli payt bo‘lganida tashlab qo‘ymaydigan davlatimiz borligini his qilib turamiz, deydi ular.  

Bu suhbat 16 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi davomida Xonobod shahridagi Yangi hayot mahallasiga tashrifidan so‘ng bo‘ldi.  

Bu yerda mingdan ortiq xonadonda 3 ming 500 nafardan ortiq aholi yashaydi. Hududda bitta yuz o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti, ikkita yuz o‘rinli xususiy bog‘cha, bittadan ixtisoslashtirilgan maktab hamda pedagogika kolleji mavjud.  

Mahalla turizm va sanoat sohasiga ixtisoslashgan. Hududda ikkita zamonaviy dam olish maskani, yirik ishlab chiqarish korxonalari samarali ishlamoqda. Bundan tashqari, o‘ndan ortiq uy mehmonxonasi, yigirmaga yaqin savdo do‘koni, sartaroshxona, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyat yuritmoqda. Ularda mahalliy aholi, xususan, yoshlar ish bilan band.  

Bir so‘z bilan aytganda kishining havasi keladi.  

– O‘zgarishlar o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q, – deydi mahalla raisi Azizaxon Abduqahhorova. – Bu keyingi yillarda mahalla tizimiga e’tibor ortganining natijasi deyishim mumkin. Mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektoridan iborat tizimga soliqchi va ijtimoiy xizmat xodimi ham qo‘shildi. Hududlarda bo‘layotgan o‘zgarishlar, ishsizlar sonining kamayishi, obodlik shu “yettilik” jipsligiga bog‘liq. Prezidentimizga faoliyatimiz, natijalar haqida so‘zlab berdik. Davlatimiz rahbari vatanparvarlik guzari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, bir xonadonda mehmon bo‘ldi. Xalqimiz bu tashrifdan juda xursand. Mahallamizni barchamiz birgalikda yanada obod manzilga aylantiramiz.  

O‘tgan yilda bu mahalladagi yuz nafardan ortiq ishsiz aholi doimiy va mavsumiy ishlarga joylashtirildi. Yana 181 nafar fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan, 12 nafari esa tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Hududda bugungi kunda 66 nafar ishsiz fuqaro bo‘lib, ularni band qilish choralari ko‘rilmoqda.  

– Uyda qo‘ziqorin yetishtiramiz, – deydi yangihayotlik tadbirkor Salohiddin Usmonov. – Prezidentimiz shu yo‘nalishdagi faoliyatimizni shaxsan kelib ko‘rdilar. Ishimizni ma’qullab, boshqa joylarda ham qo‘llash muhimligini ta’kidladilar. Bundan, albatta, xursand bo‘ldik. Hozir Xonobodda turizm rivojlanib bormoqda. E’tibor bersangiz, infratuzilma ancha yaxshilangan. Sayyohlar oqimi ortgan. Buni inobatga olib xonadonimizda uy mehmonxonasi ham tashkil etganmiz. Sharoitlarni yaxshilab qo‘yganmiz, energiya tejamkor isitish tizimidan foydalanamiz. Quyosh panellarini o‘rnatdik. Bu kafolatlangan elektr energiyasi degani. 

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, har bir mahallaning o‘z imkoniyatlari, an’analari, odamlarining xohish-istaklari bor. Ularni aniqlab, o‘z vaqtida qo‘llab-quvvatlasa katta natijalarga erishish mumkin.  

Mahallalardagi obodlik, odamlarning davlatdan roziligi ana shu tamoyilga amal qilinayotganining natijasidir.  

Ikrom AVVALBOEV,

Nosirjon HAYDAROV (surat), O‘zA