Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va sarflanadigan suv resurslarining yo‘qotishlarini kamaytirish bo‘yicha klasterlar, fermer va dehqon xo‘jaliklari, tomorqa yer egalariga murojaat qildi.
– Viloyatimizning suvga bo‘lgan ehtiyojining 98 foizini qondiradigan Zarafshon daryosi suvi keyingi yillarda o‘rtacha ko‘p yillik me’yordan 18-22 foizga kamaydi, – dedi E.Turdimov. – Bu suvdan foydalanadigan aholi soni esa yil sayin oshib, suv tanqisligi tobora kuchli sezilmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, Zarafshon daryosi suvi shakllanadigan qo‘shni davlatdagi Fedchenko muzligining hajmi oxirgi 50 yilda 30 foizga qisqargan va bu jarayon tobora tezlashib bormoqda. Hozirgi kunda Samarqand viloyatida suv tanqisligi 900 million metr kubni tashkil qiladi. Bundan 5-6 yil oldin ushbu ko‘rsatkich 650-700 million metr kub edi. Suv tanqisligi 2030 yilga borib 1,1 milliard metr kubga yetishi mumkinligi bashorat qilinmoqda.
Bu raqamlar har birimizni chuqur mulohaza qilishga, suvning qadrini anglashga va uni tejashga da’vat etadi.
Shundan kelib chiqib, suvni tejash bo‘yicha safarbarlik e’lon qilib,
2024 yil 15 martga qadar 2543 kilometr kanal va ariqlarni betonlashtirishimiz zarur. 54,8 ming gektar maydonda suv tejamkor texnologiyalarni joriy qilish lozim. Viloyatdagi 1126 mahallaning har birida kamida 1 kilometrdan ariqlarni betonlashtirish talab etiladi.
Har bir fermer, har bir fuqaro o‘z uyi va mahallasidagi ariqlarni tozalab qo‘yishi, suvning ortiqcha sarflanishi oldini olishi lozim.
Bugundan boshlab “Suv tekin emas” degan g‘oyani ilgari surib, suvni tejash bo‘yicha harakat va choralarni har birimiz avvalo o‘z turmush tarzimiz misolida boshlashimiz darkor. Suvdan foydalanishda eskicha yondashuvlardan butunlay voz kechib, bu ne’matning qadr-qimmatini aholi ongiga, ayniqsa, yoshlarga chuqur singdirishimiz, suvning har bir tomchisini asrashimiz bosh maqsadimiz bo‘lishi shart va zarur.
G‘.Hasanov,
O‘zA muxbiri