Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har bir limon daraxtidan 100 kilodan hosil olinmoqda
13:26 / 2020-11-22

Bundan 25 yil muqaddam limon bizda ancha qimmat va kamyob meva hisoblangan. Boisi u yurtimizga asosan xorijdan import qilinar edi.

Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi Qoraqo‘ton qishlog‘ida yashovchi Zayniddin Boybulov ko‘pchilik o‘zimizda ham limonariya tashkil etish, limon yetishtirish mumkinligini xayoliga ham keltirmagan bir paytda bu mushkul ishga qo‘l urgan edi. Yillar davomida izlandi, intildi, harakat qildi, bugun shuning ortidan oilasi farovon, o‘zi esa mohir limonchi sifatida elga, yurtga tanilgan.

1994 yilda otamning hovlisida kichik limonariya tashkil etib, ilk limon ko‘chatlarini o‘tqazgan edim, – deydi u. – 2000 yilda esa o‘zim uy-joy qilib, ko‘chib chiqqanimdan so‘ng bu yerda ham kichikroq limonariya qurdim. Hozir issiqxonamizda 100 to‘p limon daraxtlari bor. Limonning “Meyer” deb nomlangan yangi navidan ekkanmiz. Bu nav yurtimiz iqlim sharoitiga ancha mos, shu bilan birga, juda serhosil ham.

Zayniddin Boybulovning aytishicha, ayni paytda u o‘z hovlisidagi har bir limon daraxtidan o‘rtacha 100 kilogrammdan hosil olmoqda. Bu limonariyadan olinadigan yillik hosil kamida 10 tonnani tashkil etadi deganidir. Yetishtirilgan mevani asosan eksportyor korxonalar vakillari xarid qilib, uyidan olib ketishadi. Kichik limonariyadan keladigan yillik daromadni esa endi o‘zingiz bugungi kunda bozorda bir kilo limonning bahosi qancha ekanligiga chaqib, hisoblab olavering.

[gallery-123]

Yana bir gap, kichik issiqxonadan yiliga 10 tonna limon mevasini olish qahramonimiz erishgan asosiy natija emas. Sababi - u faoliyatini yo‘lga qo‘ygan ko‘chatchilik xo‘jaligidan bugun limon mevalarini yetishtirishga qaraganda ham ko‘proq daromad kelmoqda.

–O‘z tajribalarim asosida limon ko‘chatlarini ko‘paytirib, buyurtmachilarga limonariya tashkil etib berish xizmatini ham yo‘lga qo‘yganman, – deydi mohir bog‘bon. – Bir yilda 4 mingdan 5 ming donagacha limon ko‘chatlarini aholi issiqxonalariga ekib berib, ularni parvarishlash bo‘yicha yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib kelamiz. Shu vaqtga qadar viloyatimiz hamda qo‘shni viloyatlarda yashovchi yuzlab oilalarga limonariya  tashkil etib berdim. Hozir ham Dehqonoboddan buyurtma olganmiz. Shu ishni bajarayapmiz.

Zayniddin Boybulovning aytishicha, u limon ko‘chatlarini novda qalamchasidan ko‘paytirib, uch yil davomida parvarish qiladi. Shundan so‘ng buyurtma asosida mijoz issiqxonasiga ko‘chirib, ekib beradi. Ko‘chatlar issiqxonaga ekilganidan bir yil o‘tib hosil berishni boshlaydi.

Eng muhimi Zayniddin Boybulovning limonchilikda erishayotgan tajribasi boshqalarga ham o‘rnak bo‘lmoqda. Bugun u yashayotgan Qamashi tumanining Qoraqo‘ton mahallasidagi o‘nlab xonadonlar limonchilikni yo‘lga qo‘ygan. Bu hududni ko‘pchilikning limonchilar mahallasi deb atashining boisi ham shunda.

O‘.BAROTOV, J.Norqobilov (surat), O‘zA