English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har bir kunning o‘z hikmati bor
09:39 / 2022-09-22

Bugun shunday hikmatli va xosiyatli kunlardan biri. Ya’ni, “Avtomobilsiz kun”. Bu sana nafaqat yurtimizda, balki dunyo bo‘ylab e’tirof etiladigan alohida voqelik hisoblanadi.

Aynan bugun jahon bo‘ylab “Avtomobilsiz kun” sifatida nishonlanayotgani sababli ko‘plab shahar ko‘chalarida bir oz sokinlik kuzatiladi. Dunyodagi ayrim shahar ko‘chalari butunlay avtomobildan xoli bo‘ladi. 

Mamlakatimizda ham ushbu sanani munosib qarshilash borasida talay ishlar amalga oshirilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq yurtimizda 22 sentyabr “Avtomobilsiz kun”, deb e’lon qilingan edi. 

Bu, so‘zsiz, yurtimizda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, aholining keng qatlamini jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga jalb etish, ommaviy sportni targ‘ib qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. 

Jumladan, bugun poytaxtimiz Toshkentda, shuningdek, hududlardagi shahar va kentlarda o‘ziga xos tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

E’tiborli jihati, o‘tgan yillar davomida mamlakatimizda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, aholiga qulaylik yaratish borasida sohaga taalluqli 5 ta qonun, 7 ta qaror, 50 dan ortiq hukumat reja-dasturlari hamda yo‘l harakati xavfsizligi va yo‘l politsiyasi xodimlari xizmatiga tegishli 80 ga yaqin idoralararo hujjatlar qabul qilindi. 

– Xalqaro avtomobilsiz kun tadbirlarida faol ishtirok etish uchun ilm-fan, madaniyat va sport sohalari vakillarini, qolaversa barcha yurtdoshlarimizni bir kun davomida avtomobil o‘rniga velosipedda yoki piyoda harakatlanishga chorlamoqdamiz. “Avtomobilsiz kun” aksiyasi doirasida velosayrlar tashkil etilmoqda. Bu sa’y-harakatlarning barchasi sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga qaratilgan, — deydi Sportni rivojlantirish vazirligi yetakchi mutaxassisi Otabek Eshmamatov. 

“Avtomobilsiz kun” aksiyasi jahon bo‘ylab o‘tkaziladi. Bu g‘oya 1995 yili Buyuk Britaniyada paydo bo‘lgan hamda qisqa muddatda butun dunyoda keng ommalashgan. 2000 yildan esa aynan 22 sentyabr “Butunjahon avtomobilsiz kun” sifatida nishonlanishi belgilangan.  

Xorijiy axborot vositalari xabariga ko‘ra, bugungi kunda dunyodagi 3 mingdan ziyod shaharda yashovchi 100 millionlab aholi vakillari ushbu sanani doimiy tarzda nishonlab kelmoqda.  

O‘zbekistonda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, velosipedni transport sifatida ommalashtirish, piyoda yurishni rag‘batlantirish, aholi o‘rtasida ekologik madaniyatni targ‘ib etish maqsadida tizimli tarzda velosayrlar, marafonlar, yugurish musobaqalari tashkil etib kelinmoqda. 
 

To‘lqin Ro‘ziyev, 
O‘zA