Shu kunlarda mamlakatimiz hududlarida “Har bir kun – bu imkoniyat, har bir kun bu – kelajak uchun poydevor” g‘oyasi asosida bog‘ va tokzorlar qator oralaridan samarali foydalanish bo‘yicha mintaqaviy ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi.
Jumladan, Namangan viloyatining Uychi tumanidagi “Komiljon Nabiyev” bog‘dorchilik fermer xo‘jaligida uyushtirilgan anjumanda vodiy viloyatlari mutasaddi rahbarlari, agrar soha mutaxassislari, fermer xo‘jaliklari vakillari ishtirok etdi.

Seminarda Komiljon Nabiyev rahbarligidagi bog‘dorchilik fermer xo‘jaligining besh gektar maydonida to‘qsonbosti ekinlari ekish va ularning agrotexnikasini to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ko‘rsatildi. Xo‘jalikning bir gektar yerida 400 tup bodom, ikki gektarida 550 tup olxo‘ri mavjud. Bog‘ qator oralarida sabzavot ekinlari ekib, parvarishlanadi. Ayni vaqtda uch gektar maydondagi bog‘ qator oralarida piyoz baravj rivojlanmoqda.

Qayd etilganidek. Uychi tumanidagi mavjud bog‘-tok yo‘nalishidagi 72 fermer xo‘jaligida 875 gektar maydon bo‘lib, hozirda ularning 510 gektarida to‘qsonbosti ekinlari parvarishlanmoqda.

Tadbirda har bir qarich yerdan oqilona foydalanish bozordagi narx-navo barqarorligi, oziq-ovqat xavfsizligi va aholi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.

Bog‘ qator oralariga oraliq ekinlar ekish hamda ularning agrotexnikasini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish orqali yerlardan samarali foydalanishni ta’minlash va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirishga qaratilgan seminarda Prezidentning agrar rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shuhrat G‘aniyev, O‘zbekiston Fermerlar kengashi raisi Aktam Hayitov kun tartibidagi mavzu yuzasidan muhim vazifalarga e’tibor qaratdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.