Qaror va ijro
Ohangaron tumanida “Har bir kun — bu imkoniyat, har bir kun — bu kelajak uchun poydevor” g‘oyasi asosida bog‘ va tokzorlar qator oralaridan samarali foydalanishga qaratilgan amaliy seminar o‘tkazildi.
O‘zbekiston fermerlari kengashi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, mahalliy hokimliklar, boshqa hamkor boshqarma va tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etilgan tadbirda agronomlar, mutaxassislar, fermerlar va bog‘dorchilik xo‘jaliklari egalari qatnashdi.

Dastlab O‘zbekiston fermerlar kengashi raisi Axtam Xaitov, tuman hokimi Bahrom Norqobilov va soha mutaxassislari so‘zga chiqib, bugungi kunda ekin maydonlarida parvarish ishlarini kuchaytirish dolzarb vazifa ekanini ta’kidladi. Hududlar iqlimiga mos ekinlarni o‘z vaqtida va me’yor asosida oziqlantirish, mahsulot yetishtirishda ilg‘or xorijiy tajribalardan foydalanish muhim natijalar berishi aytildi. Shu bilan birga, suv tejamkor texnologiyalarni keng qo‘llash orqali suv resurslaridan oqilona foydalanish, hosildorlikni oshirish va ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish imkoniyatlari haqida fikrlar bildirildi.

Prezidentimizning 2024-yil 30-dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni ko‘paytirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarning mazmun-mohiyati ishtirokchilarga tushuntirildi. Xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan fermerlar o‘z kuzatuvlari va amaliy tajribalari bilan o‘rtoqlashib, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Mutaxassislar tomonidan ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javoblar qaytarilib, amaliy maslahatlar taqdim etildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent viloyatida 2026-yil hosili uchun barcha toifa xo‘jaliklarida 30 ming gektar to‘qsonbosti usulida sabzavot ekinlari ekilishi rejalashtirilgan edi. O‘tgan davrda bu boradagi ishlar samarali tashkil etildi. Hududlardagi karantin inspektorlari tomonidan hosilning sifatli yetishtirilishi, ichki va tashqi bozorga belgilangan tartibda chiqarish, tadbirkorlarga maxsus sertifikatlar berish kabi ishlar elektron platformaga kiritiladi.

– Tadbir doirasida agronomlar tomonidan mavsumiy kasalliklar va zararkunandalarga qarshi ekologik usullarni qo‘llash, mineral va organik o‘g‘itlarni me’yorda berish borasida tavsiyalar berildi. Shu bilan birga fermerlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularga xorij tajribasi asosida hosildor g‘alla navlarining ahamiyati haqida ham suhbat qildik. Qolaversa, Fermerlar kengashi qoshidagi jamg‘arma mablag‘lari hisobidan fermerlarga tejamkor sug‘orish texnologiyalarini amalga joriy qilishga ko‘maklashilyapti. Bu haqda ham qiziquvchilarga mavjud imtiyozlar tushuntirildi. Tahlillarga ko‘ra, 2025-yilda barcha loyihalar uchun fermerlarimizga 260 milliard so‘m ajratilgan bo‘lsa, shundan 6 milliard so‘m mablag‘ joylarda tomchilatib, yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini tatbiq qilish uchun sarflandi. 33 milliard so‘m esa maxsus quyosh panellarini o‘rnatish, tejamkor suv nasoslariga berildi. Kelgusida hududlarning mavjud infratuzilmalarini yaxshilash, muzlatgichli omborxonalar qurish, meva-sabzavotni qayta ishlash kabi loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bu kabi yangiliklar xususida ishtirokchilarga aytib o‘tdik, – deydi Fermerlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi direktori To‘lqin Sattorov.
Seminarda fermerlar faoliyatini ko‘ptarmoqli qilish borasidagi tashabbuslar bo‘yicha kelgusi rejalar ham batafsil tushuntirildi.
Abdulaziz Musayev, O‘zA