Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har bir kambag‘al oilada, ayniqsa, xotin-qizlar orasidan kamida bir nafar oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun sharoit yaratiladi
18:57 / 2024-09-11

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kambag‘allikni qisqartirish ishlarini yangi sifat bosqichiga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

Davlatimiz rahbari har bir kambag‘al oilada, ayniqsa, xotin-qizlar orasidan kamida 1 nafar oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun sharoit yaratilishini e’lon qildi. Bunda:

– oliygoh, kollej va texnikum talabalarining o‘zlashtirish ko‘rsatkichi kamida 80 foiz bo‘lsa, ularga keyingi o‘quv yili uchun foizsiz ta’lim krediti beriladi;

– oliygoh, kollej yoki texnikumga kirishda grant uchun yetarli ballni 80 foizini to‘plagan kambag‘al oila farzandlariga qo‘shimcha grant ajratiladi.

Bundan tashqari, moliyaviy mustaqil bo‘lgan oliygohlarni har biri yiliga kamida 1 milliard so‘mlik grant e’lon qiladi.

Bu grantlar hisobidan, fanlarni o‘zlashtirishidan kelib chiqib, kambag‘al oila farzandlari kontraktining 20 foizdan 80 foizgacha qismi qoplab beriladi.

Kambag‘al oilalar farzandlarini bog‘cha, maktab, texnikum va oliygohlarda sifatli ta’lim olishini tashkil qilish, ularga har tomonlama ko‘mak berish masalalarini muvofiqlashtirish Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva zimmasiga yuklatildi.

O‘zA