Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har bir insonning jamiyatda o‘z o‘rni bor
10:35 / 2025-11-10

O‘rta Chirchiq tumanidagi Burgalik mahallasida bugungi kunda 4 ming 31 nafar aholi istiqomat qiladi.

Hududda 1 224 ta oila va 780 ta xonadon mavjud bo‘lib, ulardan 89 nafari 2-guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar sifatida ro‘yxatga olingan. Bu hududda aholining turmush darajasini oshirish, ijtimoiy muammolarni joyida hal etish hamda har bir fuqaroga individual yondashuv asosida yordam ko‘rsatish uchun kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Mazkur tizim orqali ehtiyojmand oilalarga manzilli yordam ko‘rsatish, ularning turmush sharoitini yaxshilash va jamiyat hayotida faol ishtirokini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yil boshidan buyon mahallada 400 dan ortiq murojaat qabul qilingan bo‘lib, ularning 90 foizdan ortig‘i ijobiy hal etilgan. Bu esa joriy etilgan tizimning amaliy samaradorligidan dalolat beradi.

Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash va ularni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar e’tiborga molikdir. Shunday fuqarolardan biri Jumagul Botirova, 2-guruh nogironligi bo‘lgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan. Uning o‘g‘li Javohir Karimov ham 2-guruh nogironligi bo‘lib, hozirda Piskent tumanidagi 79-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatning 6-sinfida o‘qiydi.

– Har bir fuqaro e’tibor va g‘amxo‘rlikka loyiq. Jumagul opa bilan ilk muloqotimizda u biroz tushkun holatda edi. Biz, avvalo, uni ruhiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, o‘ziga bo‘lgan ishonchini qayta tiklashga harakat qildik. Shu bilan birga, sanatoriyga imtiyozli navbatga qo‘yish, psixologik xizmat ko‘rsatish, bolalar nafaqasini tayinlashda yordam berdik. Tabiiy gaz va elektr energiyasi xarajatlari uchun kompensatsiya tayinlandi, isitish mavsumida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatildi. Eng asosiysi, uning bandligi ta’minlanib, mustaqil daromad topish imkoniyati yaratildi, – deydi mahallada kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodim Muxlisa Abdullayeva.

Umuman olganda, joylarda amalga oshirilayotgan bu kabi ishlar aholi ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatda munosib o‘rin topishini ta’minlash va har bir fuqaroga davlat g‘amxo‘rligini yetkazishga xizmat qilmoqda.

A.Musayev, O‘zA