Barcha hududlarda bo‘lgani kabi Toshkent viloyatining Olmaliq shahridagi Usmon Nosir mahallasida ham aholining farovonligini oshirish, ijtimoiy muammolarni joyida aniqlash va ehtiyojmand oilalarga yordam ko‘rsatish maqsadida xayrli tashabbuslar amalga oshirilmoqda.
Hozirgi kunda bu mahallada kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimi joriy etilgan bo‘lib, u orqali oilalarga individual yondashuv asosida manzilli yordam ko‘rsatilmoqda va turmush sharoitlarini yaxshilashga doimiy e’tibor qaratilmoqda.

Mahallada 1 ming 962 nafar aholi istiqomat qiladi. Bu hududda 501 ta oila va 301 xonadon mavjud bo‘lib, 45 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs ro‘yxatga olingan. Tahlillarga ko‘ra, 2025 yil davomida mahallaga 300 taga yaqin murojaat qabul qilingan bo‘lib, ularning 90 foizdan ortig‘i ijobiy hal etilgan.

Masalan, Otabek Azimov kambag‘allik reyestriga ro‘yxatga olingan. Hozirgi kungacha u chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, o‘tgan yil noyabr oyida gaz va elektr energiyasi uchun 1 million so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam, 6 oylik bolalar nafaqasi, homiylar jalb etilib oziq-ovqat mahsulotlari hamda quyosh paneli o‘rnatib berildi.

Shohista Bogatova boquvchisini yo‘qotgani sababli kambag‘al oila ro‘yxatiga kiritilgan. Shu kunga qadar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, kerakli ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Noyabr oyida unga ham gaz va elektr energiyasi uchun 1 million so‘m bir martalik moddiy yordam, 6 oylik bolalar nafaqasi ajratilgan.
Umuman olganda hududda joriy etilgan kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimi aholining turmush darajasini oshirishda muhim rol o‘ynamoqda. O‘z navbatida davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan bu kabi xayrli tashabbuslardan aholi mamnun. Bu jarayonda biz kabi soha xodimlari faol xizmat qilishdan charchamaymiz.
Marg‘uba Po‘latova,
Olmaliq shahri Usmon Nosir mahallasida kompleks
ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodim.
O‘zA.