Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har bir fuqaroning tashvishini o‘zinikidek qabul qilish insondan matonat talab etadi
09:28 / 2022-05-30

Oila kabi mahalla ham jamiyatning bir bo‘lagi.

Shu bois quvonch va tashvishlarimizni bir-birimiz bilan mana shu mo‘’jaz maskanda baham ko‘ramiz. Mahalla hayotidagi bu o‘zgarmas mehr-oqibat an’analari esa bugungi kunda ham davom etib kelmoqda. Bu esa o‘z navbatida mamlakatimizda mahalla institutining yanada takomillashuviga sabab bo‘layotir.

Bu borada davlatimiz rahbari tomonidan 2020 yil 18 fevral kuni imzolangan «Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonga muvofiq yangi vazirlik, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar) bo‘limlari tashkil etildi.

Farmonning muhim jihati shundaki, jamiyatda «Obod va xavfsiz mahalla» tamoyilining to‘laqonli va samarali joriy etilishida har tomonlama ko‘maklashish, oilalar va mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish masalasi markaziy o‘ringa qo‘yilgan.

Shundan kelib chiqib, mahallalarda har bir yoshning ma’nan va axloqan yetuk shaxs bo‘lib shakllanishi yo‘lida astoydil harakat qilinmoqda. Maqsad, mahalla bolalari kelajakda jamiyatda o‘zining munosib o‘rnini topsin, el koriga kamarbasta inson bo‘lib ulg‘aysin.

Bu borada mahalla yoshlari har tomonlama nazoratga olinib, ular bilan birgalikda uyushmagan aholi bandligini ta’minlashga ham e’tibor qaratilmoqda. Bundan tashqari, mahallalarda istiqomat qilayotgan aholi o‘zlarining bandliklarini ta’minlashga ham qodir bo‘lib, ulardan ko‘pchiligi ham tomorqachilik, ham chorvachilik bilan shug‘ullanishib samarali daromad topishyapti. Bu kabi o‘z-o‘zini band qilgan fuqarolarga ish faoliyatlarini kengaytirish maqsadida banklar tomonidan imtiyozli kredit mablag‘lari ajratilib berilishiga ko‘maklashilmoqda.

Aslida mamlakatimizda hech bir inson va uning taqdiri e’tibordan chetda qolgani yo‘q. Ijtimoiy himoyaga muhtojlar, kam ta’minlangan oilalar, nogironligi bor fuqarolar hukumatimiz tomonidan hamisha moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanmoqda. Bu boradagi ishlarning ko‘lami o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatida o‘z ifodasini topib borayotgani yanada quvonarli.

Keyingi paytlarda mahalla mas’ullari aholi xonadonlariga borib, har bir xo‘jalik a’zolari holidan xabar olishlari asnosida ularning dardu, hasratiga quloq tutayotganliklari hamda yaqindan qilingan muloqotlar davomida fuqarolarni qiynayotgan tashvish va muammolar aniqlanishi ortidan kamchiliklar hamkor tashkilotlar orqali o‘zaro hal etilayotganligi fuqarolar yig‘ini mas’ullarining faoliyatini yanada jonlanganligidan dalolatdir.

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga kiruvchi nogironligi bor fuqarolarga zarur dori-darmonlar yetkazilib berilishi, nogironlik aravachalari hamda eshitish apparatlari kabi jismoniy imkoniyatlarini yengillashtiruvchi vositalar bilan ta’minlanishi, tabiiy gaz yetib bormagan hududlar aholisi uchun suyultirilgan gaz ballonlari tarqatilib kelinishi, xotin-qizlar uchun maishiy texnika jihozlari yetkazilib berilishi ularning uy-ro‘zg‘or yumushlarida ham yengillik yaratilib berilayotganligi insonparvarlikning yuksak namunasi hisoblanadi.

Mahallalarda o‘tkaziladigan tadbirlar borki, bari hamjihatlikda bamaslahat o‘tadi. Ana shunday birdamlikda milliy bayramlarimiz Mustaqillik, Navro‘z hamda Hayit kunlari arafasida Fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini monitoring qilish shahar, tuman Kengashlari tomonidan mahallalarga taqsimlangan sovg‘alardan tashqari hududlardagi saxovatpesha tadbirkorlar tomonidan tayyorlangan bayramliklar bilan kam ta’minlangan hamda ehtiyojmandlar, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, keksa yoshdagi fuqarolar yo‘qlanishi, ularga bayram sovg‘alari hadya etilishi ortidagi sa’y-harakatlar inson va uning manfaatlari har narsadan ustun ekanligining yaqqol isbotidir.

Bugun yurtimizdagi mavjud mahallalar bo‘ylab keng quloch yozgan bu kabi xayrli ishlar mahalla fuqarolar yig‘ini xodimlarining mas’uliyatlarini yanada oshirgan. Negaki, har bir fuqaroning dardini, tashvishini o‘zinikidek qabul qilish insondan tog‘dek ulkan matonat talab etadi.

Odamlarning muammosiga yechim, qiynab turgan savollariga javob topib bergan insongina mahalla fuqarolar yig‘inida mas’uliyatli lavozimlarda ishlashga munosib bo‘ladi. Bunday mas’uliyat hissida tarbiya topgan idora xodimlaridan xalq rozi bo‘ladi. Shundagina odamlar yuragidan joy olib ular ishonchiga aylanishi mumkin. Shunday ekan, qaysiki mahalla fuqarolar yig‘inida jonkuyar va fidokor insonlar mehnat qilsa, jamiyat ko‘zgusi bo‘lgan mahallalar har jihatdan yuksalaveradi.

Azizbek ERGASHEV,  

Farg‘ona viloyati yuridik texnikumi  direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi  o‘rinbosari