Piskent tumani Mingtepa mahallasida yashovchi Umida Mirabdullayeva uzoq yillar davomida og‘ir sinovlarni boshidan o‘tkazdi. O‘n yil oldin turmush o‘rtog‘i og‘ir kasallik tufayli vafot etgach, u besh nafar farzandini yolg‘iz o‘zi katta qildi.
Umida opa uzoq yillar davomida turmush qiyinchiliklarini yengib yashashga harakat qildi. Uyidan bor-yo‘g‘i 30 metr uzoqlikda o‘tgan tabiiy gaz trubasidan foydalanish imkoni bo‘lmagani esa eng og‘ir muammolardan biri edi. Har qish mavsumi uyni isitish uchun pechkaga ko‘mir va uzum novdalarini yoqib, isitishga majbur bo‘ldi.

Biroq so‘nggi vaqtlarda Umida opaning hayotida tub o‘zgarishlar yuz berdi. Mahallada faoliyat yuritayotgan kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodim va hokim yordamchisi tomonidan uning holati o‘rganildi va u “Kambag‘allik reyestri”ga kiritildi. Bu esa uni davlat tomonidan tizimli va manzilli ijtimoiy yordam bilan qamrab olishga asos yaratdi.
Ayni paytda mamlakatimizda joriy etilgan ijtimoiy himoya tizimi samarasi U.Mirabdullayeva misolida ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Ushbu tizim orqali ehtiyojmand oilalarni aniqlash, ularga aniq ehtiyojiga mos yordam turlarini ko‘rsatish, fuqarolar bilan doimiy aloqa va nazoratni yo‘lga qo‘yish imkoni yaratildi.
Ushbu oila Piskent tumani hokimi Muzaffar Aripovga biriktirilgan bo‘lib, hokim tomonidan Umida opa xonadoniga amaliy yordam ko‘rsatildi. Jumladan, ushbu xonadonga gaz quvuri tortilib, tarmoqqa ulandi. Xonadoniga yangi eshik va romlar o‘rnatildi va to‘liq ta’mirlandi.

– Oilaviy tashvishlar tufayli xonadonimizni gazlashtirishga imkon bo‘lmagan. Hokim kelib, muammolarimni eshitdi. Shundan so‘ng yashashimizga ancha qulaylik bo‘ldi. Davlatimiz g‘amxo‘rligini chindan his qildim, – deydi Umida opa.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu ayol nogironligi bo‘lgan shaxslar ro‘yxatida turadi. Uning farzandlari ham qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ular qo‘shimcha til kurslari va sport to‘garaklariga jalb etilib, bolalar uchun nafaqa ham tayinlandi. Umida opaning o‘zi esa hozirda oshpazlik yo‘nalishida ish bilan band. Bir necha yil avval og‘ir jarrohlik amaliyotini boshdan kechirganiga qaramasdan, hozirda sog‘lig‘i yaxshilanmoqda.
Bu fuqaro misolida ko‘rish mumkinki, ijtimoiy himoya tizimi nafaqat moddiy yordam, balki odamlarning hayotini tubdan o‘zgartirish, mehnatga qaytarish, faollikka undashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
A.Musayev,O‘zA