“Buxoro yoshlari” gazetasi tahririyati Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat-notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat Fondi tomonidan ajratilgan oltmish million so‘mlik grant mablag‘lariga ega bo‘lgan edi.
Buxoro viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazida tahririyat tomonidan “Sog‘lom hayot – baxtli kelajak!” loyiha doirasida “O‘zligingni angla” nomli tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda IIB xodimlari, nazoratda turuvchi voyaga yetmaganlar, jurnalist va blogerlar ishtirok etdi.
Yigirma o‘ringa mo‘ljallangan markazda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 3 avgust kunidagi qaroriga asosan 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lganlar qabul qilinadi. Shuningdek, ota-ona yoki ota-ona o‘rnini bosuvchi shaxslar nazoratisiz va qarovisiz qolgan, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan oilalarda yashayotgan hamda davlat va jamoatchilik yordamiga muhtoj bo‘lgan, ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarini, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun ta’lim muassasalarini yoxud boshqa bolalar muassasalarini o‘zboshimchalik bilan tark etgan voyaga yetmaganlar qabul qilinadi.
Shuningdek, jinoiy javobgarlikka tortish mumkin bo‘lgan yoshga to‘lmagan yoxud ruhiy holatining buzilganligi bilan bog‘liq bo‘lmagan holda rivojlanishda o‘z yoshiga nisbatan ancha orqada qolishi oqibatida sodir etgan qilmishining ahamiyatini to‘la ravishda anglab yetishga qodir bo‘lmaganlar, aniq yashash joyi bo‘lmasa yoki o‘zlari ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etgan O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashamayotgan, ma’muriy javobgarlikni keltirib chiqaradigan huquqbuzarliklarni sodir etganlar qabul qilingan.
– Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy, huquqiy yordam ko‘rsatish markazida hozirda 6 nafar voyaga yetmaganlar tarbiyalanmoqda, – deydi markaz katta leytenanti Jamol Ne’matov. – Markazda nazoratda saqlanuvchi bolalar turli sabablar bilan kelishadi. Ba’zi ota-onalar farzandlarini o‘z ixtiyorlari bilan ariza asosida qoldirishsa, ba’zilari aynan xulqi va noto‘g‘ri xatti-harakatlarini tarbiyalash bilan nazoratga olinadi. Maqsad esa har bir farzandning milliy, axloqiy tushunchalarni anglashiga undash va shu orqali kelajagini to‘g‘ri qurishga ta’sir etishdan iborat.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari.