Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har bir ezgu ish kimningdir hayotiga yorug‘lik olib kiradi
17:12 / 2025-10-24

Bo‘ka tumanida aholining farovonligini ta’minlash, ularning ijtimoiy muammolarini joyida hal etish, manzilli yordam ko‘rsatish maqsadida kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimi samarali yo‘lga qo‘yilgan.

Xususan, “Toshloq” mahallasida hozir 4 ming 218 nafar aholi istiqomat qiladi. Hududda 949 ta oila va 674 ta xonadon mavjud bo‘lib, ulardan 79 nafari nogironligi bo‘lgan shaxslar sifatida ro‘yxatga olingan.

– Ijtimoiy xodim sifatida har bir xonadonda bo‘lish bu nafaqat kasb mas’uliyati, balki davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va yordamni haqiqiy egalariga yetkazish burchidir, – deydi mazkur mahalladagi kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodim Muhlisa Ahmadjonova.

Yil boshidan buyon mahallada 540 dan ortiq murojaat qabul qilingan bo‘lib, ularning 85 foizdan ortig‘i ijobiy hal etilgan. Bu esa joriy etilgan tizimning amaliy samaradorligini yaqqol ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash hamda ularning ijtimoiy faolligini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Masalan, “Kambag‘allik reyestri”da turuvchi Sherzod Abdullayev va uning oilasiga bir qator amaliy yordamlar ko‘rsatildi. Uning oila a’zolari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi, davolanishi uchun moddiy yordam ajratildi, farzandlari bepul to‘garaklarga yo‘naltirildi. Shu bilan birga, elektr energiyasi va gaz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya tayinlashga ariza topshirildi, turmush o‘rtog‘i hamkor tashkilotlar ko‘magida ishga joylashtirildi.

– Bizga ko‘rsatilgan yordam va e’tibor uchun minnatdorman. Bu nafaqat moddiy yordam, balki oilamiz uchun katta ruhiy quvvat bo‘ldi. Davlatimizning ijtimoiy himoya tizimi bunday qiyin paytlarda yordam berayotganidan faxrlanaman, – deydi  Sherzod Abdullayev.

“Toshloq” mahallasida yolg‘iz yashovchi, o‘zgalar parvarishiga muhtoj fuqarolar ham doimiy e’tibor markazidadir. Masalan, Rokiya O‘razaliyeva yolg‘iz yashovchi ayol bo‘lib, unga assistent xizmati biriktirildi. Fuqaro bepul dori-darmonlar bilan ta’minlandi, sanatoriyga navbatga qo‘yildi, shuningdek, elektr energiyasi va gaz uchun kompensatsiya olish uchun ariza rasmiylashtirildi.

Aholining farovonligini oshirish, har bir fuqaroning muammosiga individual yondashuv bilan yechim topish ijtimoiy xodimlarning eng muhim vazifasidir. Bugun “Toshloq” mahallasida amalga oshirilayotgan bunday ezgu ishlar o‘nlab oilalarning hayoti o‘zgarib, ularning qalbida umid uyg‘onmoqda.

A. Musayev, O‘zA.