Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har bir e’tirofning o‘z yuki, mas’uliyati bor
15:30 / 2020-12-28

Mamlakatimizda birinchi bor o‘tkazilgan yoshlar forumi O‘zbekiston yoshlarining chinakam bayramiga aylandi.

Anjumanda  muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, yoshlarga murojaat yo‘llagani nafaqat poytaxtimizdagi “Xumo arena” majmuasida jam bo‘lgan yigit-qizlar, balki forumni respublikamizning barcha viloyatlarida onlayn kuzatib turgan 30 mingdan ziyod faol va iqtidorli yoshlar uchun hayajonli va quvonarli lahzalarni tuhfa qildi.

Davlatimiz rahbari o‘z so‘zini “Men har gal yoshlarimiz bilan uchrashganimda sizlarning g‘ayrat-shijoatingizdan kuch-quvvat olaman, ko‘nglim tog‘day ko‘tariladi. Har biringiz jonajon Vatanimiz va xalqimizga sidqidildan xizmat qilish orzusi bilan yonib yashayotganingizni yaxshi bilaman. Sizlarni O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi sifatida qadrlayman”, degan yuksak mehrga to‘la so‘zlar bilan boshlaganining o‘ziyoq qalblarimizga ulkan shukuh baxsh etdi.  Yurtboshimiz yuksak minbardan turib “O‘zbekistonning Yangi Renessansini sizlar yaratasizlar”, deya ishonch bilan bizga yuzlandilar.

Prezidentimiz o‘z murojaatlarida yoshlarning ta’lim, tadbirkorlik, madaniyat, san’at, ijod va sport sohalaridagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashdan tortib,  namunali yosh oilalarni uy-joy bilan ta’minlash, izlanuvchan yigit-qizlarni rag‘batlantirish, kitobxon avlodni tarbiyalashgacha bo‘lgan barcha muhim vazifalarni amalga oshirishning tizimli yo‘llarini ko‘rsatib berganlari, barcha-barchasi – yoshlar taqdiriga chinakam g‘amxo‘rlikning munosib ifodasi bo‘ldi. Davlat mukofoti sovrindori bo‘lgan yigit-qizlar, chempion yoshlarni davrimizning chinakam boyligi, deya ta’kidlaganlari bizni ushbu e’tirofga yanada munosib bo‘lishga ruhlantirdi. Qolaversa, faol va tashabbuskor yoshlarning eng oldingi saflarida bo‘lishga undadi.

Farg‘ona viloyati studiyasi orqali davlatimiz rahbariga dadil nigohlar bilan so‘zlayotgan tengdoshlarimning yoniq chiqishlarini kuzatar ekanman, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, Vatanimiz hayotining hal qiluvchi kuchi, Yangi Renessans bunyodkorlari bo‘lgan yangi avlod kamolga yetayotganiga ishonchim ortdi. O‘zim ham ana shu avlod safida ekanligimdan faxrlandim, ijodda, kasbiy faoliyatimda yangi maqsadlar sari kuch oldim. O‘z navbatida, forum orqali bizga qaratilgan har bir e’tirof va ishonchning o‘z yuki, mas’uliyati borligini har onda unutmaslik ahdi qalbimda uyg‘oq turibdi.

 

Dilnavoz QO‘LDOSHEVA,

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori