Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har bir bola farovonlikda yashash va tarbiya olishga haqli
17:12 / 2021-08-12

Bolalar hayotimiz davomchilari, kelajagimiz egalari sanaladi.

Ularni asrab-avaylash, ayniqsa, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish doimiy e’tiborda.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 10 avgustdagi «Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ana shu ezgu maqsadga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Unga binoan, joriy yil 15 avgustdan boshlab yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlashning tartiblari ishlab chiqilib, joriy etilmoqda. 1 dekabrga qadar esa uy-joyga muhtoj 757 nafar yetim bola va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlash choralari ko‘riladi.

O‘zlariga biriktirilgan turar joyga ega bo‘lmagan va turar joyga muhtojlar sifatida hisobda turgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga ular 18 yoshga to‘lgan yilda ko‘p kvartirali uy-joylardan umumiy maydoni 25 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 1 xonali, voyaga yetgan yetim bolalar o‘rtasida nikoh tuzilgan hollarda 50 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 2 xonali kvartiralar ajratiladi. Bunda mazkur toifaga kiruvchi nogironligi bo‘lgan bolalarga kvartiralar ko‘p qavatli uylarning uchinchi qavatigacha beriladi.

Prezidentimiz qarorida yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga uy-joylar mulkka egalik qilish huquqi asosida, biroq ular 30 yoshga to‘lgunga qadar uy-joyni sotish, hadya qilish yoki garovga qo‘yish yoxud ijaraga berish hamda uy-joyda o‘zi va oila a’zolaridan tashqari boshqa fuqarolarni doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish huquqisiz ajratilishi ham belgilandi. Bunda yetim bola yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolaning asoslantirilgan murojaati asosida mahalliy hokimliklar tomonidan uy-joyning umumiy maydonini kengaytirish va mazkur bandda nazarda tutilgan talablarni saqlab qolish sharti bilan sotishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, uy-joylarga muhtoj yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga uy-joy xarid qilish va qurish uchun 2021 yilda talab etiladigan mablag‘larning 50 foizi respublika byudjeti, qolgan qismi Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining qo‘shimcha manbalari va boshqa mablag‘lar hisobidan ajratilishi ming-minglab bolalarni mamnun etdi, kelajakka bo‘lgan ishonchini yanada oshirdi. Zotan, har bir bola farovonlikda yashashga va tarbiyalanishga haqlidir.

2022 yildan boshlab esa Davlat byudjeti parametrlarida Moliya vazirligi uchun ajratilgan mablag‘lar tarkibida alohida satrda mablag‘lar rejalashtirilib, keyinchalik haqiqiy talabdan kelib chiqqan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlariga qayta taqsimlash orqali yo‘naltiriladi. Bunda, ta’mirlash va jihozlash bilan bog‘liq xarajatlar tegishli tuman (shahar) mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan qoplanadi.

Umuman olganda, mehr-oqibat, insonparvarlik va saxovatpeshalik xalqimizga xos umrboqiy qadriyatlarimizdan biridir. Ularning ta’lim olishini rag‘batlantirish maqsadida Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari tarbiyalanuvchilari uchun reja asosida NTTda xorijiy til va kompyuter savodxonligi kurslari tashkil etilishi yangi O‘zbekistonda hech kim e’tibor va g‘amxo‘rlikdan chetda qolmasligini amalda yaqqol ifoda etdi.

 Bahrom RAHMONALIEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati