Aks-sado
Dunyo yaralibdiki, islohotlar, yangilanish va rivojlanishlar doimo tinch-osoyishta davrlarda bo‘lgan. Tinchlik va totuvlik o‘zi bilan xalq farovonligini olib kelgan. Yurt omon ekan, undan olimlar, ijodkorlar yetishib chiqqan. Shukrkim, biz ham mana shunday ulug‘ ne’matlar jam bo‘lgan yurtda istiqomat qilmoqdamiz. Shu kecha-kunduzda minglab yurtdoshlarimiz muqaddas manzillarda ulug‘ Haj amalini amalga oshirish ostonasida turishibdi.
Tarixdan ma’lum, qanchadan-qancha ota-bobolarimiz bu kunlarga yetolmay, emin-erkinlikni, osudalikni, kengchilikni va aynan muqaddas Haj ibodatini bajarishni so‘rab, iltijo qilib o‘tishgan. Ularning duolari ijobat bo‘lgan zamonda mana bugun biz yashayapmiz. Demak-ki, bizlarning zimmamizda shukur qilish, imkoniyatlardan foydalanish kabi burchlarimiz bor.

Davlatimiz rahbari muqaddas Makka shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin domla Holiqnazarov hazratlariga qo‘ng‘iroq qilib, muborak safarga otlangan o‘n besh ming hojilarimiz holidan xabar oldilar.
Prezidentimizning shaxsan o‘zi hol- ahvol so‘rab, qo‘ng‘iroq qilib, yurtimiz musulmonlarini kirib kelayotgan muborak Qurbon hayiti bilan qutlagani, joriy yil shu paytgacha Haj ziyorati uchun yuborilgan hojilarning ibodatni bajarayotgani va mezbonlar tomonidan har yilgidanda yaxshiroq xizmatlar ko‘rsatilayotgani, har bir chin ixloslik musulmon qalbini iftixor bilan to‘ldiradi. Xotirjam yashayotganimizga shukur qilish har bir jamiyatimiz vakili uchun burchdir.
Darhaqiqat, muqaddas dinimiz bizlarni tinchlik va xotirjamlikni qadrlashga, Alloh taoloning ushbu ne’matlariga shukur qilishga chaqiradi. Noshukurlik, ne’matlarni qadrlamaslik esa, Xudo ko‘rsatmasin, ana o‘sha in’omlardan mahrum bo‘lishga olib keladi.
Nurulloh Jamolov,
Namangan shahridagi “Yahyoxon To‘ra”
jome masjidi imom- xatibi.
O‘zA